Mirziyoyev rafiqasi bilan Xitoyga yetib bordi
Olam
−
30 avgust 9249 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyeva bilan birga rasmiy tashrif bilan Tyanszin shahriga bordi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Binxay xalqaro aeroportida davlat rahbarini Xitoy Transport vaziri Lyu Vey va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Oliy martabali mehmonlar sharafiga ikki mamlakatning davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, davlat rahbari 31 avgust - 1 sentyabr kunlari Tyanszin shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi va “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etadi.

SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni ustuvor yo‘nalishlarda yanada rivojlantirish va tashkilot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, Tyanszin deklaratsiyasi, qo‘shma hujjat va qarorlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
2 sentyabr kuni Pekin shahrida Mirziyoyev Xitoy rahbari Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazadi, shuningdek, Xitoy rasmiy shaxslari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston Prezidenti 3 sentyabr kuni Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi. Prezident Mirziyoyev Xitoyda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ham uchrashadi. Buni Rossiya rahbarining yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qilgandi.
Xitoyning rasmiy axborot agentligi “Sinxua”ga ko‘ra, Pekinda o‘tadigan tantanalarda 26 mamlakat yetakchisi va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.
Xitoyga birinchilar qatorida tashrif buyurishi rejalashtirilgan xorijiy davlat rahbarlaridan biri Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In sanaladi.
Pekindagi bayramlarda, shuningdek, Kambodja, Vetnam, Laos, Indoneziya, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Nepal, Maldiv orollari, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Belarus, Ozarbayjon, Armaniston, Eron, Kongo Respublikasi, Zimbabve, Serbiya, Slovakiya, Kuba va Myanma davlat hamda hukumat rahbarlari ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, Xitoy xalqining yapon agressiyasiga qarshi qarshilik ko‘rsatish urushi, ikkinchi Xitoy-yapon urushi deb ham ataladi, 1931 yilda Yaponiyaning Manchuriyaga bostirib kirishi bilan boshlandi va 1937 yilda keng ko‘lamli urushga aylanib, 1945 yilda Yaponiyaning taslim bo‘lishi va Ikkinchi jahon urushining tugashi bilan yakunlandi. Xitoy fashizm ustidan g‘alaba qozonishda, Yaponiya qo‘shinlarini uzoq yillar davomida ushlab turishda va xalqaro antifashistik frontni shakllantirishda muhim rol o‘ynagani aytiladi.