Mirziyoyev Rahmon bilan Afg‘onistondagi ahvolning yomonlashishi haqida gaplashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 iyul kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, davlat rahbarlari O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarining ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdi hamda mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashdi.

“Mintaqamizda Afg‘oniston yo‘nalishidagi ahvolning yomonlashishi va keskinlikning kuchayishi bilan bog‘liq vaziyatning rivojlanishiga alohida e’tibor qaratildi. Yaqin idoralararo muvofiqlashuvni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Prezidentlar bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarni, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini o‘tkazish rejasini ko‘rib chiqqan.

Faollashgan "Tolibon"

Qayd etish kerakki, joriy yilning 1 may kuni AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Amerika va NATO kuchlarini Afg‘onistondan ketishni boshlaganidan beri 50 dan ortiq tumanni o‘z nazorati ostiga olgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.

Bugun, 5 iyul kuni ham 1000 dan ortiq Afg‘oniston harbiylari “Tolibon” jangarilarining hujumi sabab qo‘shni Tojikistonga qochib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

150

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing