Mirziyoyev Paralimpiada g‘olib va sovrindorlariga mukofotlarni topshirdi

Sport

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 13 sentyabr kuni XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Milliy Paralimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, murabbiylar, sportchilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumki, mazkur musobaqa 28 avgustdan 8 sentyabrgacha Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda 168 ta davlatidan 4 ming 400 ga yaqin paralimpiyachilar qatnashdi. O‘zbekistondan 9 ta sport turi bo‘yicha 65 nafar yigit-qiz ishtirok etdi.

Olimpiadada bo‘lganidek, Paralimpiya o‘yinlarida ham O‘zbekiston uchun yutuqlar, rekordlar ko‘p bo‘ldi. Mamlakat vakillari 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza – jami 26 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida dunyoda 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 3-o‘rinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi.

Prezident sport jamoatchiligini ushbu natijalar bilan O‘zbekiston ahli nomidan tabriklab, nutq so‘zladi.

 "Paralimpiya o‘yinlari – bu chinakam iroda, jasorat va matonat, ezgulik va gumanizm namoyishi. Siz yuksak marralarni egallab, musobaqalarning haqiqiy qahramonlariga aylandingiz. O‘zbekiston o‘z sport tarixida ko‘p-ko‘p yutuq va zafarlarni ko‘rgan. Lekin Paralimpiya o‘yinlarida bunday rekord natija ilgari bo‘lmagan edi", dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 12 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida yuksak natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhi faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

"Sizlar taqdirning har qanday sinovlariga qaramasdan, faqat g‘alabaga intiladigan insonlarsiz. Intilgan, harakat qilgan odam ham, jamiyat ham kam bo‘lmaydi. Mana shunday fazilatlaringiz yanada ziyoda bo‘lsin, sizlarga doimo baxt va omad keltirsin", dedi Prezident.

Sportchi va murabbiylar, ota-onalar so‘zga chiqib, yuksak hurmat va e’tibor uchun davlat rahbariga rahmat aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing