Mirziyoyev paxta yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

image

Bugun, 23 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev paxta yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, bugungi kungacha paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan sohaga 5 milliard 300 million dollar investitsiya kiritilgan, ularga 3 milliard dollar imtiyozli kreditlar ajratilgan. Klasterlar tomonidan 4 milliard dollarlik 265 ta loyiha ishga tushirilib, 300 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Natijada paxta hosildorligi 30 foizga oshib, 26 sentnerdan 34 sentnerga yetgan.

“Lekin joylarda klaster va fermerlarni qiynayotgan muammolar ham bor. Jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini o‘z vaqtida to‘lamaganligi sababli fermer xo‘jaliklarida penya qarzdorligi vujudga kelgan. 7 mingta fermer paxta maydonlarini nasoslar orqali sug‘orishga majbur bo‘layotir. Fyuchers shartnomalari tuzishning oxirgi muddati belgilanmagan, shartnomalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha shaffof tizim yo‘q”, deyiladi xabarda.

Mazkur yig‘ilishda o‘tgan yil davomida ichki bozorda mineral o‘g‘it narxi o‘rtacha 50 foizga oshib, tanqislik yuzaga kelgan edi. Shu bois mineral o‘g‘itlarga bojxona imtiyozlarini yana 3 yilga uzaytirish taklifi bildirilgan.

Shuningdek, yig‘ilishda mutasaddilarga klaster va fermerlar o‘rtasidagi shartnomalarni tartibga solish hamda hisob-kitoblarni joyiga qo‘yish, paxta va g‘alla yetishtirishni muvofiqlashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun fermer xo‘jaliklariga hisoblangan penyalar, istisno tariqasida, hisobdan chiqarilishi belgilangan.

Prezident boshchiligidagi yig‘ilishda, shuningdek, Fyuchers shartnomalarini soliq organlarining elektron axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimiga integratsiya qilish vazifasi qo‘yilgan. Bunda Nyu-York birjasining o‘rtacha oylik fyuchers kotirovkalari tahlili Qishloq xo‘jaligi vazirligi veb-saytida e’lon qilib borililishi ko‘zda tutilgan. 

Bundan tashqari, yig‘ilishda paxtachilik yo‘nalishidagi ilmiy institutlarni ishga solib, chet ellarda qo‘llanilayotgan unumdor va kam suv talab qiluvchi navlarni mahalliylashtirish zarurligi ta’kidlangan.

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing