Mirziyoyev “Oltin Qiron” ordeni bilan taqdirlandi
Jamiyat
−
08 avgust
3944Qozog‘istonga davlat tashrifi dasturi doirasida Ostona shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Qozog‘iston Respublikasining “Oltin Qiron” (“Oltin burgut”) ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qozog‘istonning oliy davlat mukofotini O‘zbekiston yetakchisiga Prezident Qosim-Jomart To‘qayev tantanali ravishda topshirgan.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqi nomidan minnatdorlik bildirib, bunday yuksak mukofot ikki xalqning ko‘p asrlik chinakam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga berilgan baho, shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlarini yangi tarixiy bosqich - strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga olib chiqish sari mushtarak intilishlarning e’tirofi ekanini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, “Oltin Qiron” oliy ordeni bilan davlat arboblari Qozog‘iston bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun taqdirlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning tor doiradagi uchrashuvi va Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tgandi.