Mirziyoyev Norboyeva haqida qanday fikrda? (video)
Jamiyat
−
23 yanvar 2020
14771Ma’lumki, joriy yilning 20 yanvar kuni o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi yalpi majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev Senat raisligiga Tanzila Norboyeva nomzodini ko‘rsatdi.
2019 yilning iyul oyida dekabrga qadar Senat raisi lavozimida faoliyat yuritgan Norboyeva Prezident tavsiyaga ko‘ra, yana Senat raisi bo‘ldi. Davlat rahbari uning nomzodini ilgari surarkan, Norboyevaning faoliyati va shaxsiyotiga izoh berdi. Davlat rahbarining qayd etishicha, Norboyeva rahbarligi davrida Senat uyg‘ongan.
“Tanzila Kamolovna olti oydan buyon mana shu lavozimda ishlayaptilar. Hammangiz bilasiz, harakatlari mutlaqo boshqacha. Senat uyg‘ondi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ilohim uyg‘ongani rost bo‘lsin. Tanzila Kamolovna bilan ko‘p yillar birga ishlaganmiz.
U so‘nggi 30 yil davomida turli rahbarlik lavozimlarida samarali mehnat qilib kelmoqda.
Oxirgi olti oy davomida Senat raisi sifatida katta ishlarni amalga oshirdi. Bitta narsani men sizlarga ochiqcha aytishim kerakki, hozir Tanzila Kamolovnaning tajribasi, harakatlari, odamlar bilan muomalasi, qattiqqo‘lligi, tajribasi, birovga yoqadimi, yo‘qmi, joylarga borib, qiynalib, 4-5 soat o‘tirib, masalani chuqur oxirigacha yetkazishi, shijoati menga ma’qul.
Tarixda shaxsni roli juda katta. Ana shu shaxs nuqtai nazaridan Tanzila Kamolovna ham o‘z ustida ishlayapti, ham o‘z jamoasini ishlatyapti. Hozirgi sharoitga eng munosib nomzod, deb baho bermoqchiman”, deydi davlat rahbari.
Ma’lumot o‘rnida, Tanzila Norboyeva Andijon viloyati, Shahrixon tumanida tug‘ilgan, ma’lumoti oliy. 1981 yilda Toshkent davlat universitetini bitirgan, pedagogika fanlari nomzodi.
Ish faoliyatini 1974 yilda Andijon viloyati Shahrixon shahridagi 1-maktab yoshlari yetakchisi lavozimidan boshlab, 1975-1995 yillari Toshkent shahrida maktab o‘qituvchisi, direktor o‘rinbosari va Toshkent shahar o‘quvchilar uyi direktori, keyinchalik turli darajalidagi davlat organlarida mas’ul lavozimlarda ishlagan.
1995-2010 yillari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari kotibiyati mudiri, Oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish majmuasi rahbari kotibiyati mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi lavozimlarida ishlagan.
2010-2016 yillari O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi lavozimida ishlagan.
2016 yildan 2019 yilning 21 iyuniga qadar O‘zbekiston Respublika Bosh vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.
Oilali, 2 nafar qiz farzandi bor.