Mirziyoyev Navro‘z saylida qatnashdi
Jamiyat
−
20 mart
3417Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 mart kuni Toshkent shahrining Bektemir tumani Rohat mahallasiga tashrif buyurib, bayram saylida qatnashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, xizmat ko‘rsatish va savdoga ixtisoslashgan mazkur mahallada 4 ming nafar aholi yashaydi. Bandlikni ta’minlash bo‘yicha yangi tizimga muvofiq, banklar ishtirokida mahallaning ichki imkoniyatlari yuzaga chiqarilmoqda. O‘tgan yili yuzga yaqin aholi ishga joylashtirilgan, 256 nafari o‘zini o‘zi band qilgan, 13 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshlagan. Ikkita ishlab chiqarish korxonasi, o‘nlab savdo va maishiy xizmat shoxobchalari odamlarga qulaylik yaratmoqda.
Prezident ushbu korxonalarni ko‘zdan kechirdi.
"Mahallada ko‘chalar obod, xonadonlar saranjom-sarishta. Ta’lim va tibbiyot muassasalari, sport maydonchalari, o‘quv markazi, amfiteatr, hunarmandlar va axborot-kutubxona markazlari faoliyat yuritmoqda. Hozir, ayniqsa, nuroniylar maskani gavjum", deyiladi xabarda.
Davlat rahbari ushbu maskanda tashkil etilgan sumalak saylida qatnashdi, mahalla faollari, nuroniylar bilan samimiy suhbatlashdi. Muloqotda joriy yilgi rejalar, jumladan, tinchlik-osoyishtalikni saqlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish haqida so‘z yuritildi.
"Mahallangizdagi obodlikni, odamlarning kayfiyatini ko‘rib, mamnun bo‘ldim. Vaqti bilan barcha tumanlardagi imkoniyatlarni oshiramiz. Buning uchun eng asosiysi – tinchlik-ahillik kerak. Ilgari chegaralarimizda vaziyat qanday edi? Vazminlik bilan, siyosiy iroda bilan hamma masalalarga yechim topyapmiz. Barcha ishlarni quyi tizimda tashkil qilganimiz uchun 10 mingga yaqin mahallaning holati yaqqol namoyon. “Mahalla yettiligi” orqali xonadonga yetib borilyapti. Odamlarning daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar siyosatida hali ishlarimiz ko‘p. Shuning uchun ta’limga, o‘g‘il-qizlarni o‘qitishga katta e’tibor berishimiz kerak. Yoshlari bilimli va ma’naviyatli jamiyat, albatta, farovonlikka erishadi", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilishicha, Rohat mahallasida umumta’lim maktabi, bolalar musiqa va san’at maktabi, “Barkamol avlod” markazi, akademik litsey faoliyat yuritmoqda. Yaqinda yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti qurib bitkazilgan. Bular ham yoshlar ma’rifatini oshirishga xizmat qiladi.
LiveBarchasi