Mirziyoyev Mo‘g‘uliston rahbarini O‘zbekistonga taklif qildi
Olam
−
24 iyun
2545Mo‘g‘uliston Davlat saroyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida davlat rahbari Mo‘g‘uliston yetakchisiga samimiy qabul hamda ushbu mamlakatga javob davlat tashrifi bilan kelish taklifi uchun minnatdorlik bildirgan.
Ikki tomonlama munosabatlar tarixida birinchisi bo‘lgan ushbu tashrif ko‘p qirrali O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston aloqalarini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berishi alohida ta’kidlangan. O‘zbekiston Prezidenti Mo‘g‘uliston tomonini yaqinlashib kelayotgan Xalq inqilobi kuni bilan ham tabriklagan.
O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
Muzokaralarda iqtisodiy kooperatsiyani chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Yaqin yillarda o‘zaro savdoni, eng avvalo, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini oshirish hisobiga karrasiga ko‘paytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etilgan.
Shu maqsadda imtiyozli savdo va investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni qabul qilishni tezlashtirish muhimligi ta’kidlangan.
Davlat rahbari iqtisodiyotning muayyan tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish muhimligini ta’kidlagan. Hamkorlikning qator istiqbolli yo‘nalishlari ustuvor etib belgilab olingan.
“Bu, avvalo, tog‘-kon sohasidagi sheriklik, jumladan, geologiya-qidiruv dasturini ishlab chiqish, xomashyo resurslari konlarini o‘zlashtirish, texnologiyalar transferi, tajriba almashish va kadrlar tayyorlash sohalari”, deyiladi xabarda.
Shu ma’noda, sohadagi loyihalarni ilgari surish maqsadida Ulan-Bator shahrida O‘zbekiston geologiya vazirligining vakolatxonasi ochilgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Qo‘shma klasterlar tashkil etish, go‘sht-sut, jun va charm mahsulotlarini qayta ishlash va ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini ilgari surish asosida qishloq xo‘jaligida kompleks hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdorlik bildirilgan.
Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va yangi logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Yil yakuniga qadar poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun xalqaro tahlil instituti bilan birgalikda eng qisqa va samarali transport yo‘laklarini aniqlash bo‘yicha amaliy tadqiqotlar o‘tkazish taklifi bildirilgan.
Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni faol rivojlantirish, ajratilayotgan kvotalar doirasida mo‘g‘ul yoshlarining O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishini qayta tiklashga kelishib olingan.
Erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan ahdlashilgan.
Yakunda davlat rahbari Mo‘g‘uliston Prezidentini javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 24 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi doirasida rafiqasi bilan birga Mo‘g‘ulistonga yetib borgan edi. Bu tashrif O‘zbekiston bilan Mo‘g‘uliston o‘rtasida 1992 yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan beri ilk bor o‘tayotgan oliy darajadagi tashrif bo‘ladi. Bildirilishicha, tashrif javob xarakteriga ega, chunki 2024 yilda Mo‘g‘uliston Prezidenti O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Uchrashuvlar chog‘ida Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux 14 ta shartnoma va ikki tomonlama hujjatlarni imzolagandi.
LiveBarchasi
Dollar kursi yana oshdi.
15 iyul
Moskva yana suv ostida qoldi.
15 iyul