Mirziyoyev Misr Prezidentini g‘alaba bilan tabrikladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 21 dekabr kuni Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan telefon orqali muloqot qilib, uni Prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy qutladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi. 

Muloqot davomida saylovchilarning faol ishtiroki va ovoz berish natijalari Misr xalqi amaldagi davlat rahbarining siyosati va islohotlar dasturini keng qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat ekani qayd etilgan.

O‘zbekiston-Misr keng ko‘lamli sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilib, joriy yil fevral oyida Qohiraga oliy darajali tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, muloqot va almashinuvlar faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro savdo hajmi oshib bormoqda, qishloq xo‘jaligi, geologiya, suv ta’minoti, transport, logistika, kimyo sanoati va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari boshlangan.

“Ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlarini o‘tkazish kelishib olindi. Xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 dekabr kuni Misrning amaldagi rahbari Abdulfattoh as-Sisi mamlakatdagi prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichining o‘zidayoq 89,6 foiz ovoz to‘plab, katta farq bilan g‘alaba qozongandi. Shu tariqa, 69 yoshli as-Sisi ketma-ket uchinchi muddatga Misr Prezidenti bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Abdulfattoh as-Sisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made