Mirziyoyev Meloni bilan muzokaralar o‘tkazdi

Jamiyat

image

Bugun, 29 may kuni Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Bosh vaziri Jorjiya Melonining yuzma-yuz hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Tomonlar faol siyosiy almashinuvni davom ettirishni qo‘llab-quvvatlagan.

Joriy yil aprel oyida Samarqandda o‘tgan samarali sammitni hisobga olgan holda Yevropa Ittifoqi institutlari bilan faol hamkorlik davom ettiriladi. Amaliy natijalarga e’tibor qaratgan holda “Markaziy Osiyo – Italiya” sammitini o‘tkazish muhimligi ta’kidlangan.

Savdo sohasida biznesga texnik ko‘mak dasturlarini kengaytirishga kelishib olingan. Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun o‘zbekistonlik eksportchilarni o‘qitish, Toshkentda qo‘shma sertifikatlash markazini tashkil etish, muvofiqlikni baholash to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishni tezlashtirish shular jumlasidan.

Davlat rahbari Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan texnologik sheriklik dasturini ishga tushirishni taklif qilgan.

Xususiy tadbirkorlikning innovatsion loyihalari, o‘ta muhim minerallar va qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, avtomobilsozlik uchun butlovchi qismlar, elektrotexnika, energetika, oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish sanoatida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish, to‘qimachilik, charm, mebelsozlik va boshqa tarmoqlar uchun dizayn markazlarini tashkil etish ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etilgan.

Bunday loyihalar Yevropa operatori boshqaruvida Toshkent viloyatida tashkil etiladigan sanoat parkida joylashtirilishi mumkin.

Loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini ishga tushirish uchun qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish, shuningdek, Italiyaning “SACE” va “SIMEST” davlat agentliklarini jalb qilish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Kompleks “yo‘l xaritasi” asosida qishloq xo‘jaligida keng ko‘lamli ilmiy-texnologik hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Uzum, zaytun, za’faron, sarsabil yetishtirish, agrolaboratoriyalar tashkil etish, biotexnologiyalarni rivojlantirish va agrosug‘urtani joriy qilish bo‘yicha kooperatsiya istiqbollari qayd etilgan.

Yangi loyihalarni ilgari surish maqsadida hukumatlararo guruh ishini qayta tiklash va uning yig‘ilishini biznes forumi bilan birga o‘tkazishga kelishib olingan.

O‘zbekiston va Italiya hududlari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini kengaytirish doirasida Lombardiya gubernatori Attilio Fontana tashrifi va birinchi Hududlar forumi doirasida amaliy natijalarga erishish muhim ekani ta’kidlangan.

Ta’lim sohasida O‘zbekistonda Tushiya universiteti filialini, Piza, Trento, Roma Tre va Ka-Foskari universitetlari bilan ikki tomonlama diplom dasturlarini ishga tushirish rejalari qo‘llab-quvvatlangan.

O‘zbekistonda Italiya madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishib olingan.

Tashrif doirasida mehnat migratsiyasi sohada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bitim imzolangani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha kompleks "yo‘l xaritasi"ni tayyorlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Jorjiya Meloni kecha, 28 may kuni rasmiy tashrif bilan Samarqandga kelgandi. Samarqand xalqaro aeroportida Bosh vazirni shaxsan Prezident Mirziyoyev kutib olgan. Shundan so‘ng yetakchilar Registon maydoni va “ Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘ida bo‘ldi. Qolaversa, Samarqand shahrida bugun, 29 may kuni Jorjiya Melonini rasmiy kutib olish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Ertaga, 30 may kuni esa Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni ishtirokidagi birinchi sammit bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Samarqand Jorjiya Meloni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing