Mirziyoyev MDHning norasmiy sammitida ishtirok etdi
Jamiyat
−
27 dekabr 2023
8159O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 26 dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida MDHga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan qatnashgan.
Uchrashuvda 2023 yilgi ko‘p tomonlama hamkorlikning asosiy yakunlari sarhisob qilinib, kelgusi yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqilgan. MDH doirasida ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashilib, mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilingan.
“Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimiz Hamdo‘stlikda faol ishtirok etmoqda. O‘zbekiston 20 dan ortiq tarmoq bo‘yicha hamkorlik organlariga hamda ustuvor soha va tarmoqlar bo‘yicha 24 ta muhim bitimga qo‘shildi”, deyiladi davlat rahbarining matbuot xizmati xabarida.
Bundan tashqari, MDH mamlakatlari kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha loyihalar portfeli 30 milliard dollardan oshgan va deyarli barcha tarmoqlarni qamrab olgan.
Shavkat Mirziyoyev MDH doirasidagi amaliy hamkorlikni tubdan kengaytirish va hamkorlikning amaldagi institutsional mexanizmlari samaradorligini oshirish zarurligini alohida qayd etib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 dekabr kuni tushdan keyin Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari Sankt-Peterburgdagi Pavlovsk muzey-qo‘riqxonasiga borgandi.
LiveBarchasi