Mirziyoyev MDHning madaniyat poytaxti maqomi uchun Samarqandni taklif qildi

Jamiyat

image

Bugun, 13 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etdi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev raisligida o‘tayotgan sammit ishida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq delegatsiyalar rahbarlari tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va bu borada erishilgan natijalar yuzasidan fikr almashdilar, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida MDH doirasidagi sheriklikni mustahkamlashning muhim yo‘nalishlari yuzasidan o‘z nuqtai-nazarini bayon qildi.

Ta’kidlanganidek, jahondagi murakkab vaziyat, kuchayib borayotgan keskinlik va strategik mavhumlik barqaror taraqqiyot borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va MDH maydonidan maksimal darajada samarali foydalanishni taqozo etmoqda.

Hamdo‘stlik mamlakatlarida izchil iqtisodiy o‘sishga erishish muhimligi qayd etildi.

Mavjud xatarlarga qaramasdan, MDH doirasida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ijobiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashga muvaffaq bo‘linayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekistonning tashkilotga a’zo davlatlar bilan tovar aylanmasi o‘tgan yil yakuniga ko‘ra 35 foizga oshdi, bu yil boshidan buyon esa yana uchdan birga o‘sdi.

Mashinasozlik, energetika, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Birgina so‘nggi oylarning o‘zida MDH mamlakatlaridagi sheriklar bilan 800 dan ortiq yangi korxona ishga tushirildi.

Madaniy aloqalarimiz jadal rivojlanmoqda. Muntazam ravishda festivallar, konsertlar, yarmarkalar, sport va boshqa tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Shu bilan birga, o‘zaro savdodagi to‘siqlarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekiston Prezidenti narx-navoning sun’iy o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda inflyatsiyani jilovlash maqsadida MDH makonida oziq-ovqat mahsulotlari to‘siqlarsiz yetkazib berilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligini qayd etdi.

A’zo mamlakatlarning transport tizimiga bo‘lgan jiddiy tahdidlarni inobatga olgan holda, yangi logistika yo‘laklarini hamkorlikda rivojlantirish g‘oyat muhim. Bu o‘rinda gap “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” hamda “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘llarini qurish loyihalari haqida bormoqda. Ular MDHni transqit’aviy transport tashishlarning muhim zanjiriga aylantirishga ko‘maklashadi.

MDH makonidagi hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri madaniy-gumanitar sohadir.

O‘zaro innovatsion hamkorlik va yoshlar masalasida munosabatlarni kengaytirish maqsadida Prezident Mirziyoyev kelgusi yilda O‘zbekistonda MDH mamlakatlari yosh olimlarining “Yoshlar innovatsiya tarafdori” shiori ostidagi birinchi kongressini o‘tkazishni taklif qildi.

O‘zbekiston ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at borasidagi qo‘shma loyihalar va dasturlar amalga oshirilishida yanada faol ko‘maklashish va ishtirok etishga tayyorligi ta’kidlandi.

2023 yilda Sankt-Peterburg shahrini MDHning madaniyat poytaxti deb e’lon qilinishi to‘g‘risidagi qaror ko‘llab-quvvatlandi. 2024 yilda madaniyat poytaxti nomini olishga Samarqand nomzodi ilgari surildi. 

Bundan tashqari, davlat rahbari har yili shaxmat bo‘yicha Hamdo‘stlik ochiq kubogini o‘tkazishni taklif qildi.

So‘zining yakunida O‘zbekiston yetakchisi MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedevning vakolatlari navbatdagi muddatga uzaytirilishini ma’qulladi hamda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga 2023 yilda tashkilotga raislik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Majlisda yetakchilar MDH doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va muhim hamkorlik loyihalarini ilgari surish yuzasidan fikr almashdi. Davlat rahbarlari kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qilishda MDH Parlamentlararo assambleyasi salmoqli o‘rin tutishi qayd etildi.

Sammit natijalari bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlikning turli sohalariga oid qator muhim hujjatlar qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

126

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing