Mirziyoyev MDHning faxriy nishoni bilan taqdirlandi (video)
Jamiyat
−
13 Oktabr 2023
8584Bugun, 13 oktyabr kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlarining sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Faxriy ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu haqda MDH rasmiy saytida xabar qilindi.
Qayd etilishicha, mukofot berish tashabbusi Qirg‘iziston Respublikasi tomonidan bildirilgan.
“Shavkat Mirziyoyev MDHni rivojlantirish, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining oliy mukofoti bilan taqdirlandi”, deyiladi xabarda.
“MDH mamlakatlari integratsiyasiga qo‘shayotgan bebaho hissangiz, ishbilarmonlik aloqalari va har tomonlama samarali hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan doimiy ilgari surilayotgan tegishli tashabbuslaringiz uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildiraman”, degan Japarov.
Mirziyoyev o‘z mavqedoshiga mukofot uchun rahmat aytib, Qirg‘iziston rahbarining ko‘plab masalalarni hal etishdagi o‘rnini e’tirof etgan.
“Bugungi mukofot – bu sizning ishonchingizdir, bu O‘zbekistonni ham, uning Prezidentini ham ko‘p ishlar qilishga majbur qiladi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Ma’lumot uchun, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Faxriy ko‘krak nishoni MDHning oliy mukofotidir. U 2002 yilda tasdiqlangan. Nishon MDHning o‘n ikkita davlati bayroqlarini ifodalovchi zanjirlardan iborat. Shu paytgacha Moldova sobiq prezidenti Petr Lusinski, Rossiya Federatsiyasining birinchi Prezidenti Boris Yelsin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon sobiq prezidenti Haydar Aliyev, Ukraina sobiq prezidenti Leonid Kuchma, MDH sobiq ijrochi kotibi Yuriy Yarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, MDH sobiq ijrochi kotibi Vladimir Rushaylo, Armaniston sobiq prezidenti Robert Kocharyan mazkur nishon bilan taqdirlangan.