Mirziyoyev – mard odam, “mujik” odam – Yulduz Usmonova

Madaniyat-san’at

image

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti Yulduz Usmonova amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyevni “mujik” odam”, deya ta’riflab, Karimov davrida uning albom taqdimotini o‘tkazishiga katta yordam bergani, uni himoya qilgani va bu oqimga qarshi bo‘lganini aytdi. Bu haqda xonanda “Milliy TV”ning “Inson qadri” ko‘rsatuvidagi chiqishida gapirgan. 

Ma’lumki, Yulduz Usmonova 2006 yildan 2016 yilning dekabrigacha rasmiy va norasmiy “zapret”da bo‘lgan. Bu yillar oralig‘ida xonanda Turkiyaga ketib ijod qildi. 50 dan ortiq yangi qo‘shiqlar yozdi, albomlar chiqardi. 2015 yilning 22 dekabr kuni xonanda Toshkentdagi “Navro‘z” qabullar uyida o‘zining navbatdagi “Qirolichaman” nomli musiqiy albomi taqdimotini o‘tkazishi haqida e’lon berdi. Biroq, o‘sha vaqtlarda Yulduzning nafaqat “Xalqlar do‘stligi” kabi yirik konsert zallarida, balki restoranlarda ham konsertlar o‘tkazishiga taqiqlar mavjud edi. Uning faqat to‘yda qo‘shiq kuylashiga qarshilik bo‘lmagan. 

2016 yilda ham Usmonovaning taqdimotiga taqiq qo‘yilgan. Xonanda ana shu vaziyatda uni Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev qo‘llab-quvvatlagani, unga ruxsat berilishiga bosh-qosh bo‘lganini eslab, Mirziyoyevdan minnatdorligini ifoda etdi. 

“Zapret”daligimda sekin kelib, albomni “prezentatsiya” qilgim keldi. E’lon berganmiz, odamlarni taklif qilganmiz. Lekin ruxsat yo‘q, deb turishibdi. Endi nima bo‘ladi, deb yig‘layapman. Tasavvur qiling, tayyorgarlik qilingan, mehnatingni yo‘q qilishyapti. Meni esa muxlislarim kutyapti.

[Mirziyoyev] biz uchun aytmayapti-ku, xalq uchun aytyapti, eshitginglar kelmasa, eshitmanglar, dedi. Men uchun isyon qildi. Sizlarga yolg‘on, Xudoga chin: shu odam “uchib” ketishi mumkin edi. Oqimga qarshi borgandek bo‘lib qolardi. Meni shuncha ezilganimni ko‘rganmi, eshitganmi... O‘zlari ham ezilgandir, u paytda ishlash ham oson bo‘lmagan, bir pasda masalasini hal qilib qo‘yishardi. Chiqsa, chiqarib beringlar, san’atkorni xor qilmanglar, dedilar”, deydi Yulduz Usmonova.

Yulduz Usmonova 90-yillar oxiridan 2005 yilga qadar O‘zbekiston siyosiy elitasi – Prezident Karimovdan tortib, vazirlarning sevimli xonandasi bo‘lgan. Hatto, Oliy Majlis deputatligiga ham saylangan. O‘sha yillari xonanda Navro‘z va Mustaqillik bayramlari final qo‘shig‘ini kuylar, ko‘pchilik aynan uning chiqishi tomosha qilish uchun ushbu televizor qarshisiga mixlanardi. Prezident Karimov ham Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlari va ijodiga nisbatan befarqmasligini u kuylayotgan qo‘shiq so‘ngida sahnaga otilib chiqib, xonandani bag‘riga bosish bilan ifoda etardi. Biroq, nimadir bo‘ldiyu Usmonova siyosiy elita tugul, uning atrofidagilarning ham istalmagan xonandasiga aylandi. Shu alfozda u Turkiyadan qo‘nim topdi. 

Bir oyog‘i O‘zbekistonda, bir oyog‘i Turkiyada bo‘lgan Yulduz Usmonova 2016 yilgacha dunyoning turli burchaklarida konsert berdi. AQSH, BAA, Turkiya, Rossiyadagi konsertlar shular jumlasidandir. 2016 yil 2 sentyabr kuni Prezident Karimov vafot etdi. 4 dekabr kuni o‘tkazilgan Prezident saylovida Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozondi. Yulduz Usmonova ilk bor 5 dekabr kuni O‘zLiDeP tomonidan o‘tkazilgan g‘alaba tadbirida ko‘rinish berdi. U katta sahnaga 7 dekabr kuni Konstitutsiya qabul qilingani munosabati bilan o‘tkazilgan konsertdagi chiqishi orqali qaytdi. Usmonova “zapret”dan chiqishida Mirziyoyevning hissasi katta ekanini alohida e’tirof etadi. 

“Men sizlarga aytsam, Shavkat Miromonovich Mirziyoyev – mard odam, “mujik”odam. Kallasini kundaga qo‘yib, chiqarganlar”, deydi xonanda. 


Maqola muallifi

Teglar

Yulduz Usmonova

Baholaganlar

1101

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing