Mirziyoyev Malayziyaga jo‘nab ketdi
Jamiyat
−
04 fevral 2350 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 fevral kuni Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Kuala-Lumpur shahrida oliy darajadagi muzokaralar, qator ishbilarmonlik va madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston-Malayziya do‘stlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda amaliy hamkorlikni, shu jumladan, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, texnologik kooperatsiya, neft-kimyo, elektronika, “yashil” energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa ko‘plab ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Yetakchilar xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini ham ko‘rib chiqadi.
Sammit yakunida ikki davlat o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma bayonot va salmoqli bitimlar to‘plami qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi 2024 yilning may oyida bo‘lgandi. O‘shanda u Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lgandi.
Live
Barchasi