Mirziyoyev Makron bilan birga daraxt ekdi
Jamiyat
−
02 noyabr 2023
4771Samarqanddagi oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatlarni yanada yaqinlashtirish va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qat’iy intilish belgisi sifatida Samarqanddagi Kongress markazi bog‘ida daraxt ekdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yetakchilar O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan ham tanishgan. Ko‘rgazmada O‘zbekistonning 7 ta muzeyidan eksponatlar jamlangan. Mamlakatning qadimiy tarixi va boy madaniyati haqida tasavvur beruvchi nodir ashyolar xronologik ekskursiya tarzida joylashtirilgan.
Ko‘rgazma 3 ta bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘lim qadimgi davlatlar davri, madaniyatlarning Ipak yo‘li orqali tarqalishi, Kushonlar imperiyasi haqida bo‘lib, haykalchalar, tilla buyumlar va tangalar namoyish etilgan. Ularning ayrimlari O‘zbekiston va Fransiya olimlarining birgalikdagi ekspeditsiyasida topilgan.
Ikkinchi bo‘lim qadimgi va o‘rta asrlarda san’at va madaniyatning gullab-yashnashi, yo‘llar va karvonlar mavzusi bilan tanishtiradi.
Uchinchi bo‘lim Renessans va temuriylar davrida Markaziy Osiyoda islom dinining tarqalishi, madaniyat va ilm-fan rivojlanishi haqida. Bu yerda mehmonlar Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi ulug‘ allomalarning qo‘lyozmalari bilan tanishishi mumkin. Bu bo‘lim buyuk hukmdor Amir Temur siymosi atrofida tashkil etilgan bo‘lib, unda o‘sha davrga oid bezak buyumlari va Fransiya qirolining Sohibqironga yo‘llagan maktubi taqdim etilgan.
Ko‘rgazma Fransiya Prezidenti va delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirgan.