Mirziyoyev Kremlda Putin bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Kecha, 8 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Moskva shahriga amaliy tashrifi doirasida Kremlda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Aytilishicha, suhbat avvalida ikki mamlakat yetakchilari Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 78 yilligi munosabati bilan bir-birini samimiy qutlab, faxriylar, do‘st xalqlarga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilagan. 

Rossiya Prezidenti Mirziyoyevni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha umumxalq referendumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan ham tabriklagan.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan. Ustuvor yo‘nalishlardagi ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ikki mamlakat yetakchi korxona va kompaniyalarining istiqbolli kooperatsiya loyihalarini, shu jumladan Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida qo‘llab-quvvatlash muhim ekani ta’kidlangan.

Shuningdek, o‘tgan oyda Toshkent shahrida o‘tgan “Innoprom” xalqaro sanoat ko‘rgazmasining samarali natijalari yuqori baholangan. O‘zaro tovar ayirboshlash sur’atini ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralarni ko‘rish zarurligi qayd etilgan. O‘zbekiston va Rossiya hududlari darajasidagi faol muloqotlar qo‘llab-quvvatlangan.

Bundan tashqari, tomonlar jadal madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirishdan, jumladan, sog‘liqni saqlash, fan va ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida tadbirlar o‘tkazishdan manfaatdor ekanini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Moskva Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing