Mirziyoyev Xitoydagi paradda qatnashadi
Jamiyat
−
29 avgust 6575 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 30 avgust - 3 sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda o‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yetakchisi 31 avgust-1 sentyabr kunlari Tyanszin shahrida o‘tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti davlat rahbarlari kengashi majlisi va “SHHT plyus” formatidagi sammitda ishtirok etadi.
Tadbirlar kun tartibidan ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish va tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirishning dolzarb jihatlari o‘rin olgan. Uning yakunida Tyanszin deklaratsiyasi, xavfsizlik, raqamli iqtisodiyot, “yashil” sanoat, energetika, turizm va boshqa sohalarda sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma hujjatlar va qarorlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
2 sentyabr kuni Pekin shahrida Mirziyoyev Xitoy rahbari Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazadi, shuningdek, Xitoy rasmiy shaxslari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston Prezidenti 3 sentyabr kuni Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.
Xitoyning rasmiy axborot agentligi “Sinxua”ga ko‘ra, Pekinda o‘tadigan tantanalarda 26 mamlakat yetakchisi va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.
Xitoyga birinchilar qatorida tashrif buyurishi rejalashtirilgan xorijiy davlat rahbari Rossiya Prezidenti Vladimir Putindir, ikkinchisi Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In sanaladi.
Pekindagi bayramlarda, shuningdek, Kambodja, Vetnam, Laos, Indoneziya, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Nepal, Maldiv orollari, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Belarus, Ozarbayjon, Armaniston, Eron, Kongo Respublikasi, Zimbabve, Serbiya, Slovakiya, Kuba va Myanma davlat hamda hukumat rahbarlari ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, Xitoy xalqining yapon agressiyasiga qarshi qarshilik ko‘rsatish urushi, ikkinchi Xitoy-yapon urushi deb ham ataladi, 1931 yilda Yaponiyaning Manchuriyaga bostirib kirishi bilan boshlandi va 1937 yilda keng ko‘lamli urushga aylanib, 1945 yilda Yaponiyaning taslim bo‘lishi va Ikkinchi jahon urushining tugashi bilan yakunlandi. Xitoy fashizm ustidan g‘alaba qozonishda, Yaponiya qo‘shinlarini uzoq yillar davomida ushlab turishda va xalqaro antifashistik frontni shakllantirishda muhim rol o‘ynagani aytiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston rahbari so‘nggi bor o‘tgan yilning 23-25 yanvar kunlari Xitoyga davlat tashrifini amalga oshirgan edi.
Live
Barchasi