Mirziyoyev Xitoy Kommunistik partiyasi siyosiy byurosi a’zosi bilan uchrashdi
Jamiyat
−
05 Sentabr
2834Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 sentyabr kuni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Tyanszin shahri partiya qo‘mitasi kotibi Chen Miner boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv boshida Chen Miner Prezident Mirziyoyevga XXR Raisi Si Szinpinning salomini yetkazdi. Oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va amaliy sheriklikni, ayniqsa, faol hududlararo muloqot doirasida yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Tyanszin shahrining yetakchi kompaniyalari bilan savdo, sanoat, “yashil” energetika, qurilish va infratuzilmani modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Innovatsiyalar, ta’lim va madaniyat sohalarida almashinuv dasturlarini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston hududlari va Tyanszin shahri o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.