Mirziyoyev Xitoy Bosh vazirini ham O‘zbekistonga taklif qildi

Jamiyat

image

Bugun, 2 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekin shahriga rasmiy tashrif doirasida XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, ko‘p qirrali amaliy hamkorlik, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy va gumanitar sohalarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Uchrashuv avvalida O‘zbekiston rahbari XXR Davlat kengashi Bosh vaziri va butun Xitoy xalqini buyuk G‘alabaning 80 yilligi hamda Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszin sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabriklagan. Ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari yangi davrda barcha sharoitlarda strategik sheriklik va ko‘p qirrali “yetuk” hamkorlik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlangan.

Qayd etilishicha, o‘tgan yili ikki davlat orasidagi tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetgan va barqaror o‘sishda davom etmoqda. Bu ko‘rsatkichni mahsulot yetkazib berishni ko‘paytirish, eksport va import mutanosibligini ta’minlash orqali 20 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etilgan. Shu maqsadda O‘zbekistonda standartlarni uyg‘unlashtirish va mahsulotlarni Xitoy talablari asosida sertifikatsiyalash uchun qo‘shma Kvant metrologiya markazi va Mintaqaviy sanoat standartlashtirish markazini ochish taklif qilingan. Qo‘shma loyihalar portfeli 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.

“Bu galgi tashrifga tayyorgarlik doirasida “yashil” energetika, geologiya, kimyo, noyob metallarni chuqur qayta ishlash, ko‘mir kimyosi, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, qishloq va suv xo‘jaligi, urug‘chilik, agrovoltaika sohalarida yangi loyiha takliflari shakllantirildi”, deyiladi xabarda.

Ilmiy tadqiqotlar va istiqbolli startaplarni ilgari surish maqsadida O‘zbekiston – Xitoy sun’iy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish taklif qilindi. Xitoyning yetakchi bank-moliya institutlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus quyi qo‘mita yig‘ilishi va joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan ikkinchi Hududlar forumi yakunlariga yuqori baho berildi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” strategik temir yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston pudrat tashkilotlarini jalb etgan holda amaliy ishlar olib borilmoqda.

Bu galgi tashrif doirasida Madaniyat markazlarini o‘zaro ochish to‘g‘risida bitim imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil O‘zbekistonda ikkinchi Ta’lim forumi bo‘lib o‘tadi. Chunsin shahrida ilk bor "Kasb-hunar ta’limi" forumi o‘tkazildi, ushbu yo‘nalishda “O‘zbekiston – Xitoy alyansi” tuzildi. O‘zbekiston hududlarida “Lu Ban ustaxonalari” ochiladi. Toshkent va Samarqanddagi Konfutsiy institutlari samarali faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi. Tomonlar aviaqatnovlar sonini yanada ko‘paytirish va sayyohlar almashinuvini faollashtirish muhimligini qayd etdilar.

Yakunda Prezident XXR Davlat kengashi Bosh vazirini rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

Eslatib o‘tamiz,  2 sentyabr kuni Xitoyga rasmiy tashrif doirasida Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tgandi. Mirziyoyev Si Szinpinni ham O‘zbekistonga taklif qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Xitoy Li Tsyan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing