Mirziyoyev Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazdi

Jamiyat

image
SHHT sammitida yetakchilar nimalarga kelishdi? north_east

SHHT sammitida yetakchilar nimalarga kelishdi?

Bugun, 2 sentyabr kuni Xitoyga rasmiy tashrif doirasida Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev Xitoy yetakchisi va do‘st Xitoy xalqini G‘alabaning 80 yilligi hamda Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszin shahridagi sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabriklagan. 

O‘zbekiston Prezidenti XXR Raisi Si Szinpinning global boshqaruv bo‘yicha tashabbusi o‘z vaqtida ilgari surilgani va dolzarb ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidlagan.

Davlat rahbarlari o‘tgan yillar davomida ikki tomonlama munosabatlar rivojida katta yutuqlarga erishilganini qayd etgan. Barcha darajalardagi aloqalar sur’ati oshib borayotgani, siyosiy muloqot mustahkamlanib, muhim masalalar yuzasidan tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etilgan.

“Yagona Xitoy” siyosatini qo‘llab-quvvatlash hamda “uch yovuz kuch” – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish masalalarida O‘zbekistonning pozitsiyasi o‘zgarmas ekani tasdiqlangan.

“Savdo-iqtisodiy, texnologik va moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. O‘tgan yili tovar ayirboshlash 14 milliard dollardan oshdi, yil boshidan esa yana 23 foizga o‘sdi. Sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish orqali bu ko‘rsatkichni 20 milliardga yetkazish vazifasi turibdi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, investitsiya loyihalari portfeli 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. 2024 yilda umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq 64 ta loyiha ishga tushirilgan. Mamlakat hududlarida qo‘shma texnoparklar va maxsus industrial zonalar faoliyat yuritmoqda, BYD elektromobillarini ishlab chiqarish kengaytirilmoqda va mahalliylashtirish darajasi oshirilmoqda.

Tashrif arafasida biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. "Yashil" energetika va energiya samaradorligini oshirish, jamoat transportini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, pullik avtomobil yo‘llarini barpo etish, muhim minerallarni chuqur qayta ishlash, shuningdek, kimyo, suv va qishloq xo‘jaligi, turizm va shaharsozlik sohalarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.

Eksimbank, Xitoy davlat taraqqiyot banki, "Ipak yo‘li" jamg‘armasi va boshqa institutlar bilan sheriklik kengaymoqda. Eksimbank ko‘magida yaqinda Toshkentda Olimpiya shaharchasi qurib bitkazilgan.

Shuningdek, hududlararo almashinuvlar faollashgani yuqori baholandi. Xitoy tajribasi asosida mamlakatda kambag‘allikka barham berishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishda ekspertlik ko‘magi davom ettiriladi.

Innovatsion loyihalarni ilgari surish va mutaxassislar tayyorlash uchun O‘zbekiston-Xitoy sun’iy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish taklif qilindi.

"Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" strategik temir yo‘li qurilishining amaliy bosqichi boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ilm-fan, tibbiyot, ta’lim va turizm sohalaridagi sheriklikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Mamlakatda Shimoli-g‘arbiy qishloq va o‘rmon universitetining filiali hamda Xalqaro matematika markazi ochildi. Sian neft universiteti filialini ochish to‘g‘risida bitim imzolandi. Shuningdek, Pekin texnologiya instituti filialini ochish rejalashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilda O‘zbekistonda ikkinchi Ta’lim forumi o‘tkaziladi. Xitoy tilini o‘rganishni kengaytirish va o‘zbekistonlik yoshlarini o‘qitish uchun kvotalarni ko‘paytirish, Konfutsiy institutlari faoliyatini rivojlantirish qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zbekiston hududlarida energetika, mashinasozlik, sun’iy intellekt, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi sohalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan O‘zbekiston-Xitoy "Lu Ban ustaxonalari"ni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Sayyohlar almashinuvi o‘sishi uchun sharoit yaratish maqsadida aviaqatnovlar soni oshirilmoqda, ikki mamlakat o‘rtasida vizasiz tartib joriy etildi.

Shu kunlarda Xitoy Milliy muzeyidagi katta ko‘rgazmada O‘zbekiston ham qatnashmoqda. 2027 yilda Shanxay va Pekinda san’at ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida o‘zaro madaniyat markazlarini ochish to‘g‘risida tarixiy bitim qabul qilinadi.

Uchrashuvda xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHHT, "Markaziy Osiyo - Xitoy" formati va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi muvofiqlashuv va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

“Muzokaralar yakunida O‘zbekiston yetakchisi Xitoy rahbarini mamlakatga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, SHHT sammiti 31 avgustdan 1 sentyabrgacha Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda 20 dan ortiq davlat rahbarlari va 10 ta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi. Sammit yakunida hamkorlik bo‘yicha 15 ta yangi hujjat imzolandi. SHHT 2001 yil 15 iyunda Shanxayda tashkil topgan bo‘lib, dastlab u oltita davlat – Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekistonni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, 2017 yilda Hindiston va Pokiston, 2023 yilda Eron, 2024 yilda Belarus tashkilotga a’zo bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Xitoy ShHT Si Tszin'pin Tyan'tszin'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing