Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida kecha, 12 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining Qurolli kuchlar va harbiy-ma’muriy sektorlarning 2023 yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisda Xavfsizlik kengashi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar rahbarlari, okruglar qo‘mondonlari, harbiy-ma’muriy sektorlar rahbarlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan.

Yig‘ilish avvalida davlat rahbari mamlakat mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash va Qurolli kuchlarni rivojlantirish borasida 2023 yilda amalga oshirilgan ishlarning natijalarini tahlil qilgan.

Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining bu yo‘nalishdagi faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqilib, mutasaddi rahbarlarning hisobotlari tinglangan.

Harbiy xizmatchilar va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini takomillashtirish, milliy armiyani yanada rivojlantirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, harbiy-ma’muriy sektorlar va mudofaa sanoati faoliyati samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilingan.

Globallashuv jarayonlari hamda odamlar, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi o‘ta murakkab sharoitda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotgani alohida ta’kidlangan.

“Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi bo‘lishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur”, deydi Prezident.

Shu munosabat bilan davlat rahbari yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar bergan. Navqiron avlod vakillarining respublikadagi islohotlar jarayonidagi ishtirokini oshirish, ular o‘z intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratish muhimligiga e’tibor qaratgan.

Hozirgi kunda Qurolli kuchlarning zamonaviy infratuzilmasi negizida va monomarkazlarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Davlat rahbari bu yo‘nalishdagi tadbirlarni kengaytirib, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish va mehnat faoliyatini boshlashi uchun subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlash zarurligini qayd etgan.

Shuningdek, yoshlarning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida media makonda olib borilayotgan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi ishlarni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Majlisda mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlash, qo‘shinlarning harbiy tayyorgarligini oshirish hamda harbiy ilm-fanni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan. Oliy Bosh Qo‘mondon jangovar tayyorgarlik tizimini innovatsion va ilmiy yondashuvlar asosida yanada takomillashtirish, axborot almashinuvi va qarorlar qabul qilish bo‘yicha zamonaviy harbiy va ilmiy ishlanmalarni amalga keng joriy etish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Yig‘ilishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash milliy xavfsizlik sohasidagi muhim vazifa bo‘lib qolishiga urg‘u berilgan.

Bu borada Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlarini raqamlashtirishni jadallashtirish, vazirlik va idoralarning barcha axborot resurslarini yagona xavfsiz axborot makoniga birlashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Milliy armiyada va xalq o‘rtasida kiberxavfsizlik borasidagi ogohlikni va raqamli madaniyatni oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan eng muhim vazifalar belgilab olingan.

Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida mamlakat mudofaa sanoati majmuasini yanada rivojlantirish, davlat chegaralarini qo‘riqlash tizimini takomillashtirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarni prognoz va monitoring qilish, avariya va texnogen halokatlarning oldini olish borasidagi ishlar samaradorligini  oshirish bo‘yicha ham dolzarb vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Xavfsizlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing