Mirziyoyev xalqaro gumanitar forum tashkil etishni taklif qildi
Jamiyat
−
14:26 906 4 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kelgusi yili Toshkentda “Madaniyatlar muloqoti” qo‘shma xalqaro gumanitar forumini tashkil etish va “Yoshlar tinchlik va ishonch yo‘lida” mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 12 dekabr kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025 yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda so‘z ochdi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon hamda boshqa davlatlar yetakchilari, hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham qatnashgan.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida Turkmanistonni doimiy betaraflikning 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, ushbu qutlug‘ sana Turkmanistonning dunyoning barcha mamlakatlari bilan tinch, ishonchli, do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo sodiq bo‘lib kelayotganini o‘zida mujassam etishini qayd etgan.
“Turkman xalqining zamonaviy o‘ziga xosligining ajralmas qismiga aylangan Turkmanistonning betarafligi uning chuqur tarixiy an’analari, madaniy va ma’naviy qadriyatlariga, olijanoblik, bag‘rikenglik va yaxshi qo‘shnichilik kabi ezgu fazilatlariga tayanadi”, deydi Prezident.
Shu bois, Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Tinchlik va betaraflik universitetini tashkil etish bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan.

O‘zbekiston rahbari Yangi O‘zbekiston uchun jahonga ochiqlik, o‘zaro hurmat va muloqotga intilish fundamental qadriyatlar ekanini ta’kidlagan. Buning tasdig‘i sifatida umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida birdamlik bo‘yicha Samarqand tashabbusi ilgari surilganini keltirish mumkin. Ushbu tashabbus insoniyat kelajagi uchun befarq bo‘lmagan, tinchlik, totuvlik va barqaror taraqqiyot uchun intilayotgan barcha tomonlarni muloqotga jalb etishga qaratilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning Qo‘shilmaslik harakatidagi bo‘lajak raisligi davrida O‘zbekiston tinchlik va zo‘ravonlikdan xolilik madaniyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global harakatni rag‘batlantirish, siyosiy muloqot asosida davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, jahonda bag‘rikenglik, hamjihatlik va birdamlik muhitini qaror toptirishga ko‘maklashishni bosh ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilashni maqsad qilgan.

Raislik davomida, shuningdek, kelgusi avlodlar manfaatlari yo‘lida mojarolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2027 yilni Preventiv diplomatiya yili deb e’lon qilish rejalashtirilgan. Uning doirasida konferensiya va forumlar tashkil etish, parlament, jamoat va yoshlar delegatsiyalarining o‘zaro almashuvlarini qamrab oladigan tadbirlar dasturi qabul qilinadi.
Prezident global miqyosda keskinlik saqlanib qolayotgan va davlatlar o‘rtasida ishonch zaiflashayotgan hozirgi sharoitda tinchliksevarlik va vositachilik tamoyillariga umumiy sodiqlik har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini ta’kidlagan. Aynan shu sababli ham O‘zbekiston Turkmanistonning 2025 yilni “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlab, BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyasining hammuallifi bo‘lgan.
O‘zaro ishonch, hurmat va jipslik tamoyillari Markaziy Osiyoni tinchlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik makoniga aylantirish borasidagi siyosatning ham asosi ekanligi qayd etilgan.
“O‘tgan oyda Toshkentda bo‘lib o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi hamjihatlikni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlar, ko‘pqirrali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanimizni yana bir bor ko‘rsatdi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shu nuqtai nazardan, Turkmanistonning konstruktiv va tinchliksevarlik siyosati Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashning muhim omili hisoblanishiga alohida urg‘u berilgan.
Davlat rahbari Turkmanistonning zamirida tinchlik va ishonch kabi ezgu g‘oyalar mujassam bo‘lgan bu takliflari Ashxobodning mintaqa davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari formatida raisligi davomida kun tartibidan munosib o‘rin egallashiga ishonch bildirgan.

O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan gumanitar hamkorlikni ilgari surish muhimligini ta’kidlab, kelgusi yili Toshkentda “Madaniyatlar muloqoti” qo‘shma xalqaro gumanitar forumini tashkil etish va “Yoshlar tinchlik va ishonch yo‘lida” mintaqaviy dasturini joriy etishni taklif qilgan.
Davlat rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston dunyoda adolatli va barqaror tartibotni barpo etishga bundan buyon ham amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 11 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkmanistonning Ashxobod shahriga borgani va Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi. Qolaversa, Mirziyoyev Turkmanistonning Ashxobod shahrida mamlakat Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bugun, 12 dekabr kuni esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahrida “Betaraflikning 30 yilligi” forumi boshlanishidan avval oyoqda turib suhbatlashdi.