Mirziyoyev kelasi hafta Bryusselga boradi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 24 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan Bryusselga boradi. Bu safar O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarida yangi bosqichni boshlaydigan muhim qadam sifatida baholanmoqda. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston va YeI tomonlari Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (EPCA)ni imzolashi kutilmoqda. Ushbu keng qamrovli hujjat kelgusi hamkorlikning beshta strategik yo‘nalishini belgilab beradi, jumladan:

  • siyosiy muloqot
  • savdo va iqtisodiy munosabatlar
  • xavfsizlik
  • barqaror rivojlanish
  • global hamkorlik

Bitim tomonlarni islohotlarni davom ettirish, iqtisodiy modernizatsiya va xalqaro maydondagi hamkorlikni mustahkamlashga sodiq ekanini tasdiqlaydi. Shuningdek, u joriy yil noyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tadigan YeI–Markaziy Osiyo Investitsiya forumi kabi tashabbuslarga yo‘l ochadi.

Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta O‘zbekiston Mustaqillik kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida, 24 oktyabrda Bryusseldagi uchrashuvga alohida urg‘u bergandi:

“Men 2025 yil 24 oktyabrda Bryusselda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvimizni katta intizorman. U yerda biz Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi imzolanishi munosabati bilan fikr almashishni davom ettiramiz”, deb yozdi Koshta.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen esa joriy yil aprelda Samarqandda bo‘lib o‘tgan birinchi Markaziy Osiyo–Yevropa Ittifoqi sammitida O‘zbekistonning Yevroittifoq bilan aloqalarda tutgan o‘rniga yuqori baho bergan.

U YeIning Global Gateway (Global darvoza) dasturi doirasida savdo aloqalari, transport, strategik xomashyo, raqamli bog‘liqlik, suv va energiya sohasidagi hamkorlik uchun 12 milliard yevrolik investitsiya paketi ajratilganini ta’kidladi.

“O‘zbekiston Global Gateway'ning markaziy ishtirokchilaridan biri. Bu – uzoq yillik do‘stligimizda yangi sahifa boshlanishi”, dedi Ursula fon der Lyayen Samarqand sammitida.

EPCA doirasida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi (EPCA) YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni yangi, zamonaviy va ambitsiyali darajaga ko‘tarishi kutilmoqda. Ushbu bitim yangi sohalarda hamkorlikni o‘z ichiga oladi hamda savdo va iqtisodiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy asoslarni sezilarli darajada yangilaydi.

EPCA doirasida asosiy hamkorlik yo‘nalishlari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

  1. Siyosiy hamkorlik va islohotlar:
    1. Demokratiya, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va asosiy erkinliklar
    2. Barqaror rivojlanish va umumiy qadriyatlarga sodiqlik
  2. Tashqi siyosat va xavfsizlik:
    1. Hududiy barqarorlik va xalqaro hamkorlik
    2. Ommaviy qirol qurollarini tarqatmaslik
    3. Muzokara va inqirozlarni boshqarish
  3. Adliya, erkinlik va xavfsizlik sohasida hamkorlik:
    1. Ma’lumotlarni himoya qilish
    2. Migratsiya masalalari
    3. Terrorizm va pul yuvishga qarshi kurash
    4. Tashkiliy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi choralar
    5. Noqonuniy giyohvand moddalarga qarshi kurash
    6. Sud-huquq hamkorligi va konsullik himoyasi
  4. Savdo va iqtisodiy munosabatlar:
    1. Tovar va xizmatlar savdosi uchun qulay huquqiy muhit
    2. Davlat korxonalari va davlat xaridlari
    3. Intellektual mulk huquqlari
    4. Investorlar uchun shaffof qoidalar


Boshqa muhim sohalarda kengaytirilgan hamkorlik:

  • Iqtisodiyot va moliya
  • Energetika va transport
  • Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi
  • Raqamli iqtisodiyot
  • Qishloq xo‘jaligi va hududiy rivojlanish
  • Bandlik va ijtimoiy masalalar
  • Madaniyat, ta’lim va yoshlar siyosati
  • Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi bildirishicha, bu bitim YeI va O‘zbekistonning so‘nggi 20 yilda qanday o‘zgarganini ko‘rsatadi. 

“YeI uchun – bu Markaziy Osiyo bo‘yicha keng ko‘lamli strategiyamizning qismi. O‘zbekiston uchun esa 2016 yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan islohot va ochiqlik yo‘lining e’tirofi. EPCA munosabatlarimizni strategik sheriklik darajasiga ko‘taradi”, deydi YeI delegatsiyasi.

Strategik hamkorlikning yangi bosqichi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim (EPCA) O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarda tarixiy bosqich ekanini ta’kidladi.

“U 1996 yildagi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni o‘rnini bosadi va shundan beri yurtimiz siyosiy, iqtisodiy va institutsional jihatdan qanday ulkan rivojlanishga erishganini aks ettiradi”, deydi TIV.

TIVning ta’kidlashicha, “ushbu yangi bitim siyosiy muloqot, savdo va tarmoqlararo hamkorlik uchun zamonaviy va kompleks huquqiy asos yaratadi. U O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ochiq, shaffof va qoidalarga asoslangan iqtisodiyot barpo etishga qaratilgan sa’y-harakatlarimizga to‘la mos keladi”.

Yevropa Ittifoqi uchun EPCA nima degani

  • Markaziy Osiyoning qoq yuragidan joy olgan jadal rivojlanayotgan bozorga kirish
  • Energetik transformatsiyada ishonchli hamkor
  • Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi barqaror transport yo‘laklari va muhim xomashyolar bo‘yicha strategik ko‘prik

O‘zbekiston uchun EPCA nima beradi?

  • Yevropa bilan chuqur iqtisodiy integratsiya eshigini ochadi
  • GSP+ maqomi doirasida YeI bozorlariga kengroq imkoniyatlar
  • Energetika, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi, yashil iqtisodiyot kabi sohalarda modernizatsiya va texnik ko‘mak

Bitim ikki tomon uchun muhim sohalarda hamkorlikni kengaytiradi:

  • Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash
  • Xavfsizlik va migratsiyani boshqarish
  • Atrof-muhitni muhofaza qilish

Bu umumiy tashvishlar bo‘lib, ularni faqat qo‘shma harakat va sheriklik orqali hal etish mumkin.

“Umuman olganda, EPCA O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlaydi va bizning konstruktiv va ishonchli sherik sifatida harakat qilishga sodiq ekanimizni namoyon etadi. U munosabatlarimizni Yevropa Ittifoqi bilan strategik darajaga olib chiqadi va zamonaviy, ochiq va barqaror iqtisodiyot barpo etish bo‘yicha uzoq muddatli g‘oyalarimizga to‘la mos keladi”, deydi TIV.

YeI–Markaziy Osiyo munosabatlarida o‘sib borayotgan sur’at

So‘nggi yillarda O‘zbekiston, butun Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada faollashdi. Oxirgi yetti yil ichida mintaqaning YeI bilan umumiy savdo aylanmasi bir necha baravarga o‘sib, 54 milliard yevroni tashkil etdi. 2024 yilda esa O‘zbekiston va YeI mamlakatlari o‘rtasidagi savdo aylanmasi 6,4 milliard yevro (+8%)ga yetdi. O‘zbekistonda 1 000 dan ortiq qo‘shma korxonalar faoliyat yuritmoqda, Yevropa investitsiya loyihalari portfeli esa deyarli 40 milliard yevroga teng.

Bu hamkorlik samarali platformalar – muntazam vazirlar uchrashuvlari, forumlar va sammitlar orqali qo‘llab-quvvatlanmoqda. Hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlarida tizimli muloqot yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu yil boshida O‘zbekistonga qilgan tashrifini eslar ekan, Koshta quyidagicha ta’kidlagan:

“Bizning hamkorligimiz shubhasiz yangi bosqichga ko‘tarildi – sizning rahbarligingizda samarali va ko‘p qirrali aloqalar barcha sohalarda rivojlanmoqda. Samarqandda o‘tgan birinchi YeI – Markaziy Osiyo sammiti doirasidagi uchrashuvimiz, shuningdek, o‘zbek xalqi ko‘rsatgan mehmondo‘stlik haqidagi iliq xotiralarim hanuz saqlanib turibdi”.

Samarqandda 2025 yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan birinchi YeI – Markaziy Osiyo sammitida tomonlar ikki mintaqa o‘rtasida strategik sheriklik uchun yangi doirani belgilab bergan Qo‘shma Deklaratsiyani qabul qildi. Shu bilan birga, kritik xomashyo resurslari sohasida hamkorlik bo‘yicha yana bir deklaratsiya imzolandi. Bu esa energiya transformatsiyasi va ta’minot zanjiri xavfsizligining o‘sib borayotgan ahamiyatini anglatadi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Evropa Ittifoqi Bryussel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing