Mirziyoyev Quvayt Bosh vazirini qabul qildi

Olam

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Quvaytga tashrifi doirasida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda ushbu mamlakat Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi, Ichki ishlar vaziri Shayx Fahd as-Saboh boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Quvayt tomonidan Moliya va investitsiyalar vaziri Nura Sulaymon al-Fassam, Savdo va sanoat vaziri Xalifa Abdulla al-Askar hamda Investitsiya agentligi direktori Shayx Saud as-Saboh ham ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, bugun bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

“Ikki davlat rahbarlarining O‘zbekiston-Quvayt munosabatlarini keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqqan uchrashuvi samarali bo‘lgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

"Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" sammitida ishtirok etish uchun Quvayt Amirining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish muhimligi qayd etildi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Shu nuqtai nazardan, Qo‘shma investitsiya platformasi va Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, logistika va transport, gidroenergetika, infratuzilma, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish muhimligi qayd etilgan.

"Yo‘l xaritasi"ga kiritilgan kooperatsiya dasturlari va loyihalarini ilgari surish maqsadida faol muloqotlar va o‘zaro tashriflarni tashkil etishga kelishib olingan.

Shuningdek,  Prezident Al-Quvayt shahrida Quvayt Tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo bilan ham uchrashuv o‘tkazgan.

“Kuvaytga amalga oshirilayotgan tarixiy tashrif davomida erishilgan kelishuvlar doirasida faol siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi”, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston bilan Quvayt o‘rtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha oliy darajada qaror qilingani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Bundan tashqari, tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlarni tashkil etish va Samarqand shahrida o‘tadigan "Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" sammitiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlangan.

Tashrif doirasida Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi bilan yangi hamkorlik dasturi imzolangani yuqori baholangan.

Oziq-ovqat xavfsizligi, sanoat kooperatsiyasi, infratuzilma, turizm va boshqa yo‘nalishlarda loyihalarni ilgari surish hamda mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Al-Quvayt shahridagi “Al-Bayan” saroyidagi muzokaralar yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev sharafiga Quvaytdagi diplomatik missiyalar rahbarlari ishtirokida tantanali qabul marosimi uyushtirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Quvayt Shayx Fahd as-Saboh Abdulla al-Yahyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing