Mirziyoyev O‘zbekistonga yopirilgan qum bo‘roni haqida gapirdi

Jamiyat

image

Bugun, 6 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining yangi binosida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimida qum bo‘ronlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Yurtimizda ekologik tahdidlarning salbiy ta’siri ortib bormoqda. Buni kuni kecha sodir bo‘lgan qum bo‘ronlari ham yana bir bor tasdiqladi. Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyat tobora keskin tus olmoqda.

Shu borada biz Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida e’lon qilish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasini hayotga tatbiq etishga doir tizimli va kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz lozim. 

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish borasidagi faoliyatimizni jadallashtirish kerak”, deydi Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 noyabr kuni O‘zbekistonning qator hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida kuchli shamol esib, qumli bo‘ronlar hosil bo‘ldi. Ko‘rish darajasi 500-1000 metrgacha pasaydi. Buning oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me’yordan 30 barobar oshgani ma’lum qilindi. 

Shamol avj olgan mahalda AQSHning Toshkentdagi elchixonasiga o‘rnatilgan havoning ifloslanishini aniqlash moslamasi poytaxt havosini “o‘ta nosog‘lom”, deb baholadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

656

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing