Mirziyoyev Qozog‘istonning yangi Bosh vazirini qabul qildi
Jamiyat
−
15 mart
5656O‘tgan oyda Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqqandan so‘ng, mamlakatning yangi Bosh vaziri etib tayinlangan Oljas Bektenov O‘zbekistonga keldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 mart kuni Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasini qabul qilgan. Mirziyoyev Bektenovni yaqinda ushbu lavozimga tayinlangani bilan samimiy qutlagan va mas’uliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tilagan.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Xususan, bo‘lajak oliy darajadagi qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik doirasida hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
"O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish jarayonida, shu jumladan vakolatli vazirlar boshchiligidagi ishchi guruh doirasida to‘siqlarni bartaraf etish va o‘zaro kelishilgan choralarni ko‘rish zarurligi qayd etildi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, uchrashuv davomida strategik sheriklikda muhim yo‘nalishlar bo‘lgan sanoat, transport va logistikada kooperatsiyani kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Ustuvor tarmoqlardagi investitsiya dasturlarining yangi portfelini hamda transport va energetika sohasidagi mintaqaviy ahamiyatga ega infratuzilmaviy loyihalarni faol ilgari surish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlangan.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni tubdan kengaytirish maqsadida hukumatlar darajasida yaqin va tizimli aloqalarni davom ettirish muhimligini qayd etgan.
Ta’kidlash joizki, bu Oljas Bektenovning yangi lavozimga tayinlangandan keyingi ikkinchi xorijiy tashrifi. U birinchi ishchi tashrifini mart oyi boshida Rossiyaga amalga oshirgan.