Mirziyoyev Qozog‘istonga boradi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga boradi. Bu haqda Qozog‘iston hukumatining Telegram-kanalida xabar berildi.

Qayd etilishicha, kecha, 12 iyul kuni Olmaota shahrida Qozog‘iston va O‘zbekiston Bosh vazirlari Oljas Bektenov va Abdulla Aripov raisligida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 21-majlisi bo‘lib o‘tgan.

Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga rasmiy tashrifi arafasida tomonlar ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashgan va ikki davlat rahbarlarining kelishuvlarini amalga oshirish tadbirlarini ko‘rib chiqqan. Xususan, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, suv-energetika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, transport, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va raqamlashtirish sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarning holati muhokama qilingan.

Bildirilishicha, Markaziy Osiyodagi umumiy savdo aylanmasining 57 foizi Qozog‘iston va O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,5 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilning 4 oyida uning hajmi 1,2 milliard dollardan oshgan. Sanoat kooperatsiyasi 3,1 milliard dollarlik 69 ta loyihani amalga oshirish, 14,7 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar umumiy qiymati 217 million dollarlik 12 ta qo‘shma loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilib, 4,5 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Ayni paytda 178 million dollarlik 3 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. 

“O‘zbekiston biz uchun do‘st, qo‘shni, ittifoqchi va qardosh davlatdir. Ikki mamlakat Davlat rahbarlari hukumatlarimiz oldiga o‘rta muddatli istiqbolda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifa qo‘ydi. Bu yo‘nalishda biz agrosanoat majmuasi va oziq-ovqat sanoatida tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasi darajasini oshirishdan manfaatdormiz”, deydi Oljas Bektenov.

O‘z navbatida, Abdulla Aripov Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda strategik sheriklik va ittifoqchilik asosida jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

“Barcha sohalarda ijobiy o‘sish kuzatilmoqda. Bu qardosh xalqimiz manfaatlariga to‘la javob beradi. Bunday yuksak darajadagi hamkorlikning muhim omili, shubhasiz, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli munosabatlardir. Ishonamanki, bugungi uchrashuv va erishilgan kelishuvlar hamkorligimizga qo‘shimcha turtki beradi”, deydi Abdulla Aripov.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Qozog‘iston Majlisining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Oygul Kuspan shu yilning avgust oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan borib, Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisida ishtirok etishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made