Mirziyoyev Qorabog‘ga bordi (video)
Jamiyat
−
23 avgust 2023
10721Bugun, 23 avgust kuni Ozarbayjonda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fuzuliy tumaniga bordi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Fuzuliy xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyevani Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va birinchi xonim Mehribon Aliyeva kutib olgan.
Shahar buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Muhammad Fuzuliy sharafiga nomlangan. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarigacha Fuzuliy tumanida sanoat va qishloq xo‘jaligi rivojlangan. Bu yerda kutubxonalar, madaniyat uylari, muzeylar, teatrlar, bog‘lar va boshqa madaniy ob’ektlar faoliyat yuritgan.
2020 yilda Fuzuliy tumani va shahrida keng ko‘lamli tiklanish ishlari boshlandi. Shaharda xalqaro aeroport, zamonaviy turar-joy majmuasi, tibbiyot va ta’lim muassasalari qurib bitkazilgan. Fuzuliyni tiklash ishlarini 2026 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Fuzuliy xalqaro aeroporti 2021 yil 26 oktyabr kuni ishga tushirilgandi. Havo bandargohini Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ochib bergandi. O‘shanda Erdo‘g‘anning samolyoti Bakuga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qorabog‘ga qo‘ngan. Shu tariqa Turkiya yetakchisi Fuzuliy aeroportiga borgan ilk davlat rahbari bo‘lgan.
LiveBarchasi