Mirziyoyev qish mavsumidagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

image

Kecha, 12 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha vazifalarning bajarilish holati muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan qishdagi sovuqdan kelib chiqib, bu mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgan. Jumladan, muassasa, korxona va mahallalardagi kamchiliklar bartaraf etilib, qo‘shimcha energetika quvvatlarini yaratish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etilgan. 

Natijada qisqa vaqtda 675 megavatt ishga tushirilgan, yil yakuniga qadar 2,2 ming megavattli 7 ta stansiya ishlay boshlaydi. Shuningdek, 100 ta podstansiya, 11,5 mingta transformator va 34 ming kilometr tarmoqlar yangilangan.

Toshkent shahrida aholi ko‘pligi va talab yuqoriligi bois bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Xususan, poytaxtda jami quvvati 286 megavattga teng 2 ta yangi podstansiya qurilib, 228 ta transformator, 1 ming 130 kilometr tarmoqlar yangilangan. 260 kilometr yuqori kuchlanishli kabel tarmoqlari tortilgan.

Davlat rahbari yig‘ilishda bu ishlarni davom ettirib, dastur doirasida rejalashtirilgan ishlarni qisqa muddatlarda yakuniga yetkazish zarurligini ta’kidlagan.

Shuningdek, yig‘ilishda ayrim hududlarda energetika tizimida kuzatilayotgan muammolar muhokama qilingan. Prezident ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarga alohida e’tibor qaratgan.

Masalan, Namangan viloyatidagi gaz quyish shoxobchalarida gaz kamaygan. Andijon viloyatining Baliqchi, Paxtaobod, Marhamat va Andijon tumanlarida havo sovishi bilan elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar ko‘paygan. Qashqadaryo viloyati G‘uzor va Kasbi tumanlarida chiroq ko‘p o‘chayotgani  ma’lum qilingan.

Davlat rahbari bunday kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida oldini olish lozimligi yana bir bor ta’kidlab, elektr tarmoqlari va gaz ta’minoti mutasaddilariga avariya brigadalarini shay holatga keltirib, tunu kun ishlashini ta’minlash, zarur vosita hamda materiallar zaxirasini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq bergan.

“Bu yil ko‘mir ta’minotida ham yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. O‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 5 million 900 ming tonna ko‘mir qazib chiqarildi. Aholiga 930 ming tonna, ijtimoiy soha uchun qo‘shimcha 93 ming tonna ko‘mir yetkazildi. Hududlardagi omborlarda turgan ko‘mirni aholiga va ijtimoiy sohaga yetkazilishini kundalik nazoratga olish, isitish tizimi davlat-xususiy sherikka o‘tkazilgan ob’ektlarda zarur ko‘mir zaxirasini yaratish kerakligi aytildi. Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qonunga xilof holatlarni cheklash muhimligi ham ko‘rsatib o‘tildi”, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, bugundan boshlab barcha huquq tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatlik ish tartibiga o‘tishi belgilangan. Yig‘ilishda Yangi yil bayrami oldidan aholi farovonligi uchun sharoitlarni yanada yaxshilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.

“Madaniy tadbirlar yuqori darajada o‘tkazilishi, ko‘ngilochar dasturlar va xizmatlarni ko‘paytirilishi qayd etildi. Shuningdek, bozorlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etiladi. Narx-navolarni asossiz oshirishga urinish Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, jamoat transportlarining barqaror qatnovini ta’minlash, metro va avtobuslarda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish muhimligi ta’kidlanib, bekatlarda sharoitlarni yaxshilash, yo‘llarni tozalash va harakat xavfsizligini oshirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tilgan.

Yig‘ilishda qishga tayyorgarlik bo‘yicha Hukumat komissiyasi va boshqa mutasaddilarning hisoboti eshitilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev qish mavsumi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing