Mirziyoyev Qashqadaryoning asosiy muammolarini aytdi
Jamiyat
−
22 aprel 2022
8815O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 22 aprel kuni Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda viloyatda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili 25 dekabrda G‘uzor tumanida sintetik yoqilg‘i ishlab chiqaradigan “Uzbekistan GTL” zavodi ishga tushirildi. Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini kengaytirish loyihasi qurilishi boshlandi.
Davlat dasturlariga ko‘ra, joriy yilda Qashqadaryoga 1,5 trillion so‘mdan ziyod mablag‘lar ajratilib, jami 2 ming 800 kilometr muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, 160 ta ijtimoiy soha ob’ektlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Prezident sessiyadagi nutqida bundan keyingi vazifalarga, yechimini kutayotgan muammolarga ko‘proq to‘xtaldi.
Misol uchun, viloyat aholisining atigi 43 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlangan. Ayniqsa, Koson, Dehqonobod, G‘uzor, Qamashi tumanlarida suv ta’minoti juda past. Gaz, elektr, ichki yo‘llar, transport, qishloq xo‘jaligi, bank-kredit sohalarida ham muammolar bor.
Viloyatda 108 ta tibbiyot muassasasi, 172 ta maktab, 144 ta bolalar bog‘chasi ta’mirtalab ahvolda. Ko‘plab bog‘cha va maktablarda isitish tizimi ishdan chiqqan. 19 ta maktabda qatnov koeffitsiyenti yuqori bo‘lib, o‘quvchi o‘rinlari yetishmaydi.
Shu bois, joriy yilda Qashqadaryoda ijtimoiy soha va infratuzilmani yaxshilash uchun respublika byudjetidan qo‘shimcha 360 milliard so‘m ajratilishi ta’kidlandi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan 100 million dollar imtiyozli mablag‘lar yo‘naltiriladi.
Bugungi kunda 350 ming odam ishga muhtojligi, yangi mahallabay tizim asosida ularni tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilikka jalb etish muhimligi qayd etildi.
Viloyat ulkan sanoat salohiyatiga ega bo‘lsa-da, yalpi hududiy mahsulotda sanoat ulushi atigi 18 foiz ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuning uchun 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan umumiy qiymati 14,7 trillion so‘m bo‘lgan 270 ta sanoat loyihalari dasturi shakllantirilgani ma’lum qilindi.
Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi quvvatini kengaytirish, G‘uzorda quyosh elektr stansiyasi barpo etish, Dehqonobod va Qamashida qurilish materiallari klasterini ishga tushirish, Kitob tumanida sement zavodi tashkil qilish kabi yirik loyihalar boshlangan.
Kuni kecha imzolangan Prezident qarorida Qashqadaryodagi tadbirkorlar loyihalarini moliyalashtirishga 45 million dollar yo‘naltirilishi belgilangan.
Qishloq xo‘jaligida 7,4 trillion so‘mlik 524 ta loyihani amalga oshirib, 286 mingta ish o‘rni yaratish mumkinligi ta’kidlandi.
Jumladan, 40 ming gektardan ortiq yerlar qayta foydalanishga kiritiladi. 20 ming gektarda anorzorlar barpo qilinadi. Yakkabog‘, Chiroqchi, Qamashi, Shahrisabz va Kitob tumanlarini suv bilan ta’minlash uchun “Ayoqchisoy” sel suv ombori quriladi. Tomorqada meva-sabzavot yetishtirish, chorvachilik va kovrakchilik qo‘llab-quvvatlanadi.
Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Joriy yilda Qashqadaryoda 5 ming xonadonli 143 ta ko‘p qavatli uy-joy foydalanishga topshiriladi.
1 ming 823 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari hamda 1 ming 570 kilometr ichki yo‘llar quriladi, 9 mingdan ziyod aholining gaz ta’minoti qayta tiklanadi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida bu yil 30 ta maskan qiyofasi yaxshilanadi.
Maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablar, tibbiyot punktlari qurish, yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.