Mirziyoyev “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi
Jamiyat
−
26 dekabr 2019
10200O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi. Quyida Qonunning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 9 dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019 yil 14 dekabrda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qo‘llanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi chet ellik hamda mahalliy investorlar tomonidan amalga oshiriladigan investitsiyalar va investitsiya faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonun markazlashtirilgan investitsiyalar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solmaydi.
Konsessiya faoliyati, mahsulot taqsimotiga oid bitimlar tuzish, ularni bajarish va bekor qilish, investitsiya, pay va venchur fondlari, kapital bozorini, shu jumladan qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni tartibga solish, davlat-xususiy sheriklik, maxsus iqtisodiy zonalar sohasidagi huquqiy munosabatlar alohida qonunlar bilan tartibga solinadi.
2-modda. Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
investitsiya loyihasi – iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa foyda olish uchun investitsiyalarni amalga oshirishga yoxud jalb etishga qaratilgan, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tadbirlar majmui;
investitsiya majburiyati – belgilangan maqsadlarga erishish uchun investor tomonidan qabul qilinadigan majburiyat;
investitsiya siyosati – O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida va uning alohida tarmoqlarida investitsiyalarning zarur darajasini va tuzilmasini ta’minlashga, investitsiya faoliyati sub’ektlarining investitsiya manbalarini topishga va ulardan foydalanishning ustuvor tarmoqlarini aniqlashga yo‘naltirilgan investitsiyaviy faolligini oshirishga doir o‘zaro bog‘liq tadbirlar majmui;
investitsiya faoliyati – investitsiya faoliyati sub’ektlarining investitsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq harakatlari majmui;
investitsiya faoliyatining ishtirokchisi – investitsiyalarning amalga oshirilishini buyurtmalarni bajaruvchi sifatida yoki investorning topshirig‘i asosida ta’minlaydigan investitsiya faoliyati sub’ekti;
investitsiya shartnomasi – investitsiya faoliyati sub’ektlari o‘rtasida tuziladigan, investitsiya shartnomasi taraflarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydigan yozma bitim;
investitsiyalar – investor tomonidan foyda olish maqsadida ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va boshqa faoliyat turlari ob’ektlariga tavakkalchiliklar asosida kiritiladigan moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga bo‘lgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar bo‘lib, ular quyidagilarni
o‘z ichiga olishi mumkin:
mablag‘larni, shu jumladan pul mablag‘larini (shu jumladan chet el valyutasini), maqsadli bank omonatlarini, paylarni, ulushlarni, aksiyalarni, obligatsiyalarni, veksellar va boshqa qimmatli qog‘ozlarni;
ko‘char va ko‘chmas mol-mulkni (binolar, inshootlar, uskunalar, mashinalar va boshqa moddiy qimmatliklarni);
intellektual mulkka doir mulkiy huquqlarni, shu jumladan
u yoki bu ishlab chiqarish turini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan, texnik hujjatlar, ko‘nikmalar va ishlab chiqarish tajribasi tarzida rasmiylashtirilgan, patentlangan yoki patentlanmagan (nou-xau) texnik, texnologik, tijoratga oid va boshqa bilimlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa qimmatliklarni;
investor – foyda olish maqsadida investitsiya faoliyati ob’ektlariga o‘zining mablag‘larini va (yoki) qarz mablag‘larini yoxud jalb qilingan boshqa investitsiya resurslarini investitsiya qilishni amalga oshiruvchi investitsiya faoliyati sub’ekti;
mahalliy investorlar – investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi rezidenti maqomiga ega bo‘lgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari;
reinvestitsiyalar – investitsiyalardan olingan, tadbirkorlik faoliyati va boshqa faoliyat turlari ob’ektlariga kiritiladigan har qanday daromad,
shu jumladan foyda, foizlar, dividendlar, royalti, litsenziya va vositachilik haqlari, texnik yordam, texnik xizmatlar uchun to‘lovlar va haqlarning boshqa turlari;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari – chet ellik investorning hukumat kafolatlarisiz, tavakkalchilik sharoitlarida o‘z mablag‘lari yoki qarz mablag‘lari hisobidan investitsiyalari;
chet el investitsiyalari – chet ellik investor tomonidan ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va boshqa faoliyat turlari ob’ektlariga kiritiladigan moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga bo‘lgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar;
chet ellik investorlar – chet davlatlar, chet davlatlarning ma’muriy yoki hududiy organlari, davlatlar o‘rtasidagi bitimlarga yoki boshqa shartnomalarga muvofiq tuzilgan yoki xalqaro ommaviy huquq sub’ekti bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet davlatlarning qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan va faoliyat ko‘rsatadigan yuridik shaxslar, har qanday boshqa shirkatlar, tashkilotlar yoki uyushmalar, chet davlat fuqarolari
va O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar – aksiyalarining (ulushlarining, paylarining) yoki ustav fondining (ustav kapitalining) kamida o‘n besh foizini chet el investitsiyalari tashkil etadigan korxonalar.
4-modda. Investitsiyalar va investitsiya faoliyatining asosiy prinsiplari
Investitsiyalar va investitsiya faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
oshkoralik va ochiqlik;
investitsiya faoliyatini amalga oshirish erkinligi;
adolatlilik va investitsiya faoliyati sub’ektlarining tengligi;
investorlarga nisbatan kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik;
investorlarning vijdonliligi prezumpsiyasi.
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining asosiy prinsiplari investitsiya qilish va investitsiya faoliyatini amalga oshirish jarayonining barcha bosqichlarida qo‘llaniladi.
2-bob. Investitsiyalar, investitsiya faoliyatining ob’ektlari va sub’ektlari
5-modda. Investitsiyalarning mo‘ljallangan ob’ektiga ko‘ra turlari
Investitsiyalar mo‘ljallangan ob’ektiga ko‘ra kapital, moliyaviy
va ijtimoiy turlarga bo‘linadi.
Asosiy fondlarni yaratish va takror ko‘paytirishga, shu jumladan yangi qurilishga, modernizatsiya qilishga, rekonstruksiya qilishga, texnik jihatdan qayta jihozlashga, shuningdek moddiy ishlab chiqarishning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar kapital investitsiyalar jumlasiga kiradi.
Aksiyalar, korporativ, infratuzilmaviy va davlat obligatsiyalariga, shuningdek qimmatli qog‘ozlarning boshqa turlariga kiritiladigan investitsiyalar moliyaviy investitsiyalar jumlasiga kiradi.
Inson salohiyatini, ko‘nikmalarini va ishlab chiqarish tajribasini rivojlantirishga, shuningdek nomoddiy boyliklarning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar ijtimoiy investitsiyalar jumlasiga kiradi.
6-modda. Investitsiyalarni amalga oshirish shakllari
Investitsiyalarni amalga oshirish shakllari quyidagilardan iborat:
yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ulushli tarzda, shu jumladan mol-mulk va aksiyalar (ulushlar) sotib olish yo‘li bilan ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qimmatli qog‘ozlarni, jumladan qarz majburiyatlarini olish;
konsessiyalarni olish, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, o‘zlashtirish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga doir konsessiyalarni olish, shuningdek mahsulot taqsimotiga oid bitimlarda ishtirok etish;
mulk huquqini, shu jumladan intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan mulk huquqini, mualliflik huquqlarini, patentlar, tovar belgilari, foydali modellar, sanoat namunalari, firma nomlari va nou-xau, ishchanlik obro‘sini (gudvillni), shuningdek savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi ob’ektlariga bo‘lgan mulk huquqini ular joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda olish;
yer uchastkalariga egalik qilish va ulardan foydalanish (shu jumladan ijara asosida egalik qilish va foydalanish) hamda boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqini olish.
Investorlar qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa shakllarda
ham investitsiyalarni amalga oshirishi mumkin.
Investitsiya faoliyati investitsiyalar kiritishning turli shakllarini birlashtirish vositasida amalga oshirilishi mumkin.
Investitsiyalarning birlamchi yoki takroran kiritiladigan shakllari o‘zgartirilishi ularning investitsiya sifatidagi darajasi o‘zgarishiga olib kelmaydi.
7-modda. Investitsiya resurslari
Investitsiya resurslari jumlasiga quyidagilar kiradi:
pul mablag‘lari (shu jumladan chet el valyutasi) va boshqa moliyaviy mablag‘lar, shu jumladan kreditlar, paylar, ulushlar, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar;
ko‘char va ko‘chmas mol-mulk (binolar, inshootlar, uskunalar, mashinalar va boshqa moddiy qimmatliklar) hamda ularga bo‘lgan huquqlar;
intellektual mulk ob’ektlari, shu jumladan u yoki bu turdagi ishlab chiqarish turini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan, texnik hujjatlar, ko‘nikmalar va ishlab chiqarish tajribasi tarzida rasmiylashtirilgan, patentlangan yoki patentlanmagan (nou-xau) texnik, texnologik, tijoratga oid va boshqa bilimlar;
yer uchastkalariga va boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish hamda ulardan foydalanish huquqi, shuningdek mulk huquqlaridan kelib chiquvchi boshqa ashyoviy huquqlar.
8-modda. Investitsiya faoliyatining ob’ektlari
Ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlarining ob’ektlari investitsiya faoliyati ob’ektlaridir.
Barpo etilishi va foydalanilishi qonun hujjatlarida belgilangan sanitariya-gigiyena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlik talablariga va boshqa talablarga javob bermaydigan, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan ob’ektlarga investitsiya qilish taqiqlanadi.
9-modda. Investitsiya faoliyatining sub’ektlari
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, yakka tartibdagi tadbirkorlari va yuridik shaxslari – rezidentlari, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, chet davlatlar, chet davlatlarning ma’muriy yoki hududiy organlari, xalqaro tashkilotlar hamda chet ellik yuridik shaxslar va fuqarolar, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar investitsiya faoliyatining sub’ektlaridir.
10-modda. Investorning huquqlari
Investor:
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan investitsiya faoliyatini erkin amalga oshirishga, investitsiya qilishni amalga oshirish hajmlarini, turlarini, shakllarini, sohasini va yo‘nalishlarini mustaqil ravishda belgilashga;
investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzishga;
o‘z investitsiyalariga va investitsiya faoliyati natijalariga egalik qilishga, ulardan foydalanishga hamda ularni tasarruf etishga, shuningdek investitsiya faoliyati natijalarini sotishga va olib chiqishga;
investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadlarni soliqlar, yig‘imlar va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar (bundan buyon matnda soliqlar va to‘lovlar deb yuritiladi) to‘langanidan so‘ng mustaqil va erkin tarzda tasarruf etishga;
o‘zi qabul qilgan barcha turdagi majburiyatlarning, shu jumladan qarz mablag‘larini jalb etishga qaratilgan majburiyatlarning ta’minoti sifatida o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulk va har qanday mulkiy huquqlardan foydalanishga;
o‘z investitsiyalari va boshqa aktivlari rekvizitsiya (ekspropriatsiya) qilingan taqdirda munosib kompensatsiya olishga;
kreditlar va qarzlar tarzidagi pul mablag‘larini jalb etishga;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari
va ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) va qarorlari natijasida yetkazilgan zararlar uchun tovon olishga haqli.
11-modda. Investorning majburiyatlari
Investor:
soliqlar va to‘lovlarni to‘lashi;
investitsiya qilish munosabati bilan o‘zi qabul qilgan shartnoma majburiyatlarini bajarishi;
qonun hujjatlari talablariga, shu jumladan raqobat to‘g‘risidagi, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi, investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi, mehnat to‘g‘risidagi, shaharsozlik to‘g‘risidagi, atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga, shuningdek texnika xavfsizligiga, sanitariya normalari va qoidalariga rioya etishi;
shartnoma shartlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi sababli investitsiya faoliyati ishtirokchisiga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplashi;
vakolatli davlat boshqaruvi organlarining va mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘z vakolatlari doirasida qo‘yiladigan talablarini bajarishi shart.
12-modda. Investitsiya faoliyati ishtirokchisining huquqlari
Investitsiya faoliyatining ishtirokchisi:
birja, tanlov va tender savdolarining, elektron do‘konlarning
va kim oshdi savdolarining ishtirokchisi bo‘lishga;
investorlar bilan ularning buyurtmalarini bajarish yuzasidan shartnomalar tuzishga;
agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, o‘zining investor oldidagi majburiyatlarini bajarishga boshqa shaxslarni jalb qilishga haqli.
13-modda. Investitsiya faoliyati ishtirokchisining majburiyatlari
Investitsiya faoliyatining ishtirokchisi:
qonun hujjatlarida belgilangan normalar, qoidalar va standartlarga, shu jumladan raqobat to‘g‘risidagi, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi, investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi, mehnat to‘g‘risidagi, shaharsozlik to‘g‘risidagi va atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishi;
shartnoma shartlarini o‘z vaqtida va lozim darajada bajarishi;
shartnoma shartlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi sababli investorga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplashi;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘z vakolatlari doirasida qo‘yiladigan talablarini bajarishi shart.
14-modda. Investitsiya faoliyatida narxni shakllantirish
Investitsiya faoliyati jarayonida tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati shartnomaviy narxlar bo‘yicha belgilanadi, bundan qonun hujjatlarida qat’iy belgilangan narxlar mustasno.
Investitsiya qilish ob’ekti bo‘lgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) narxlari birja, tanlov, kim oshdi savdolarida va boshqa uyushgan savdolarda ham shakllantirilishi mumkin.
Birja, tanlov, kim oshdi savdolarida va boshqa uyushgan savdolarda shakllangan, realizatsiya qilinadigan davlat aktivlarining narxlari, mazkur aktivlarning balans va baholangan qiymatidan qat’i nazar,
bozor narxlari deb tan olinadi.
3-bob. Investitsiya faoliyati sub’ektlari huquqlarining davlat kafolatlari va investitsiyalarni himoya qilish
15-modda. Investitsiya faoliyati sub’ektlari huquqlarining kafolatlari
Davlat investitsiya faoliyati sub’ektlarining huquqlarini kafolatlaydi. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya sub’ektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Agar davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya faoliyati sub’ektlarining faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligini aniqlasa, ular o‘zlari vakolatli bo‘lgan va muayyan qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bog‘liq choralarni ko‘rishi mumkin.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan investitsiya faoliyati sub’ektlarining investitsiya faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish
yoki uni cheklab qo‘yish uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas.
Davlat investorlarning fuqaroligi, yashash joyi, iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish joyi bilan bog‘liq holda, shuningdek investorlarning
yoki investitsiyalarning kelib chiqish mamlakatiga qarab investorlarni kamsitishga yo‘l qo‘ymaslikni kafolatlaydi.
Investor tomonidan huquqlarning amalga oshirilishi boshqa investorlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi kerak. Bunda davlat tadbirkorlik sub’ektining hamta’sischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) sifatida boshqa ta’sischilar (aksiyadorlar, ishtirokchilar) kabi teng huquqlar va majburiyatlarga ega bo‘ladi.
Ushbu moddaning qoidalari xalqaro huquqning umum e’tirof
etilgan prinsiplari va normalariga muvofiq belgilanadigan O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizligini ta’minlash bilan bevosita bog‘liq qonun hujjatlarini qabul qilishga, o‘zgartirishga, to‘ldirishga yoxud bekor qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
16-modda. Mablag‘lardan foydalanish kafolatlari
Investitsiya faoliyati sub’ektining investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadlari soliqlar va to‘lovlar to‘langanidan keyin uning xohishiga ko‘ra reinvestitsiya qilinishi yoki ulardan boshqa har qanday usulda foydalanilishi mumkin.
Chet el va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning hisobvaraqlaridagi mablag‘lardan foydalanishni davlat organlari tomonidan cheklash yoxud ularni majburan yechib olish faqat qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
17-modda. Mablag‘larni erkin o‘tkazish kafolatlari
Investorlarga soliqlar va to‘lovlarni to‘lash sharti bilan chet el valyutasidagi mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasiga va O‘zbekiston Respublikasidan cheklovlarsiz erkin o‘tkazish, shu jumladan valyutani repatriatsiya qilish uchun ayirboshlash kafolatlanadi. Bunday o‘tkazmalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
chet el investitsiyalarini saqlab turish yoxud ko‘paytirish uchun boshlang‘ich va qo‘shimcha summalar;
investitsiyalarni amalga oshirishdan olingan daromad;
yetkazilgan zararlarning o‘rnini ushbu Qonunga muvofiq qoplash sifatida olingan mablag‘lar;
shartnomalar shartlarini bajarish tartibida amalga oshirilgan to‘lovlar;
chet el investitsiyalarini to‘liq yoki qisman sotishdan tushgan tushum;
nizoni hal qilish oqibatida, shu jumladan har qanday sud yoki arbitraj qarori oqibatida yuzaga keladigan to‘lovlar;
xodimlarning ish haqi va boshqa to‘lovlari;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalardan olingan mablag‘lar.
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq davlat chet ellik investorning mablag‘larini repatriatsiya qilishni chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona to‘lovga layoqatsiz va bankrot bo‘lgan yoki kreditorlarning huquqlari buzilgan, jismoniy shaxs bo‘lgan
chet ellik investor tomonidan jinoiy qilmishlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilgan hollarda yoxud sud yoki arbitraj qaroriga muvofiq shunday repatriatsiya qilishni to‘xtatib turishning boshqa zarurati bo‘lganda qonun hujjatlarini investorlarni kamsitmaydigan tarzda qo‘llash shartlari asosida to‘xtatib turishi mumkin.
18-modda. Investitsiya faoliyati tugatilishi munosabati bilan chet el investitsiyalarini qaytarish kafolatlari
Chet ellik investor O‘zbekiston Respublikasidagi investitsiya faoliyatini tugatish huquqiga ega.
Chet ellik investor investitsiya faoliyatini tugatgandan so‘ng investitsiya faoliyatini tugatish natijasida olingan o‘z aktivlarini naqd pul yoki natural shaklda chet ellik investorning O‘zbekiston Respublikasiga yoxud boshqa kreditorlarga nisbatan majburiyatlarini bajarish uchun zarar yetkazmagan holda erkin repatriatsiya qilish huquqiga ega.
19-modda. Qonun hujjatlarining investor uchun noqulay o‘zgarishlariga qarshi kafolatlar
Agar qonun hujjatlarining bajarilishi investorga yoki investitsiyalarga zarar yetkazadigan bo‘lsa, ushbu qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga
ega bo‘lmaydi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining keyingi qonun hujjatlari investitsiya qilish shart-sharoitlarini yomonlashtirsa, investitsiya qilish sanasida amalda bo‘lgan qonun hujjatlari chet el investorlariga nisbatan investitsiya qilish paytidan e’tiboran o‘n yil mobaynida qo‘llaniladi. Investor o‘zining investitsiya qilish shart-sharoitlarini yaxshilaydigan yangi qonun hujjatlari qoidalarini o‘z xohishiga ko‘ra qo‘llash huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasining keyingi qonun hujjatlari investitsiya qilish shart-sharoitlarini yomonlashtirgan taqdirda, investitsiya qilish paytida amalda bo‘lgan qonun hujjatlarini o‘n yil mobaynida qo‘llash to‘g‘risidagi kafolat quyidagi hollarda qo‘llaniladi:
repatriatsiya tartib-taomilini murakkablashtiruvchi yoki investorning chet elga o‘tkaziladigan daromadlari (foydasi) miqdorini kamaytiruvchi qo‘shimcha talablar joriy etilganda, bundan investorning mablag‘larini repatriatsiya qilishni chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona to‘lovga layoqatsiz va bankrot bo‘lgan yoki kreditorlarning huquqlari buzilgan, jismoniy shaxs bo‘lgan chet ellik investor tomonidan jinoiy qilmishlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilgan hollarda yoxud sud yoki arbitraj qaroriga muvofiq shunday repatriatsiya qilishni to‘xtatib turishning boshqa zarurati bo‘lganda qonun hujjatlarini investorlarni kamsitmaydigan tarzda qo‘llash shartlari asosida to‘xtatib turish mustasno;
investitsiya qilishni amalga oshirish hajmlariga son jihatdan cheklovlar va investitsiyalarning miqdori bo‘yicha boshqa qo‘shimcha talablar, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarda chet el investitsiyalarining eng kam miqdorini ko‘paytirish tarzidagi qo‘shimcha talablar joriy etilganda;
chet ellik investorning O‘zbekiston Respublikasi korxonalarining ustav fondlaridagi ulushli ishtiroki bo‘yicha cheklovlar joriy etilganda;
chet ellik investorlarning vizalarini rasmiylashtirish va uzaytirish bo‘yicha qo‘shimcha tartib-taomillar, shuningdek chet el investitsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha boshqa qo‘shimcha talablar joriy etilganda.
Investor uchun noqulay o‘zgarishlarga qarshi kafolatlarning amal qilishi quyidagi hollarda boshlanadi:
korxona tashkil etilganda – u davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran;
mol-mulkni, ulushlarni, O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan emitentlangan aksiyalarni va boshqa qimmatli qog‘ozlarni,
savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlariga, turar joylarga va ular joylashgan yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqini, shuningdek yerga egalik qilish
va undan foydalanish (jumladan, ijara asosida egalik qilish va foydalanish) hamda tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqini olishda – mulk huquqini yoki boshqa ashyoviy huquqni mustahkamlovchi hujjat kuchga kirgan sanadan e’tiboran;
intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni, shu jumladan mualliflik huquqlarini, patentlarni, tovar belgilarini, foydali modellarni, sanoat namunalarini, firma nomlarini va nou-xauni, shuningdek ishchanlik obro‘sini (gudvillni) kiritishda – intellektual mulkka bo‘lgan huquqlar kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat kuchga kirgan sanadan e’tiboran;
konsessiyalarni, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirishga, o‘zlashtirishga, qazib olishga yoxud ulardan foydalanishga doir konsessiyalarni olishda – konsessiya shartnomasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasida bir vaqtning o‘zida investitsiya majburiyatlarini mustahkamlab qo‘ygan holda investitsiya qilishda – shartnoma kuchga kirgan sanadan e’tiboran;
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa shakllarda investitsiya qilishda – investor tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida investitsiya faoliyati amalga oshirilayotganligini tasdiqlovchi hujjat kuchga kirgan sanadan e’tiboran.
Ushbu modda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplariga muvofiq belgilanadigan O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizligiga doir manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan qonun hujjatlarini qabul qilishga, o‘zgartirishga, to‘ldirishga
yoxud bekor qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
20-modda. Oshkoralik va ochiqlikni ta’minlash kafolatlari
Hammaning e’tibori uchun rasmiy ravishda e’lon qilinmagan normativ-huquqiy hujjatlar kuchga kirmagan hujjatlar sifatida huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi va investitsiyaviy munosabatlarni tartibga solish, ushbu hujjatlardagi ko‘rsatmalarni bajarmaganlik uchun investitsiya faoliyati sub’ektlariga nisbatan biror-bir sanksiya qo‘llash uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas.
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari ommaviy axborot vositalari orqali, shu jumladan o‘z rasmiy veb-saytida investitsiya faoliyati sohasida o‘zining ishtiroki va qabul qilingan qarorlar to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilishi shart.
Jismoniy va yuridik shaxslarga ochiqlik hamda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining investitsiya faoliyati sohasidagi faoliyati to‘g‘risida va o‘zlari qabul qilayotgan qarorlar to‘g‘risidagi axborotdan moneliksiz foydalanish imkoniyati ta’minlanadi.
21-modda . Investitsiyalarni himoya qilish
Davlat investitsiyalarning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro shartnomalariga muvofiq himoya qilinishini kafolatlaydi.
Investorlarning investitsiyalari va boshqa aktivlari natsionalizatsiya qilinmaydi.
Investorlarning investitsiyalari va boshqa aktivlari rekvizitsiya (ekspropriatsiya) qilinmaydi, bundan tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiylar va favqulodda xususiyatga ega bo‘lgan boshqa hollar mustasno.
Investitsiyalarni rekvizitsiya va ekspropriatsiya qilish to‘g‘risidagi qaror rekvizitsiya yoki ekspropriatsiya qilishning quyidagi talablariga rioya qilingan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi:
investorlarning ushbu modda uchinchi qismida ko‘rsatilgan holatlardan kelib chiqadigan vazifalarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan investitsiyalari yoki boshqa aktivlarining minimal hajmi bilan cheklansa;
kamsitilmaydigan asosda amalga oshirilsa;
yetkazilgan zararga monand kompensatsiya to‘lash bilan birga amalga oshirilsa. Davlat mazkur kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirilishining kafili sifatida ish yuritadi.
Investor sud va arbitraj tartibida, xususan, quyidagilar yuzasidan nizolashishga haqli:
rekvizitsiyani (ekspropriatsiyani) amalga oshirish uchun foydalaniladigan maqsadning qonuniyligi;
rekvizitsiyaning (ekspropriatsiyaning) miqdori;
rekvizitsiya (ekspropriatsiya) qilinayotgan investitsiyalarni va boshqa aktivlarni baholash;
to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovining muvofiqligi;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rekvizitsiyani (ekspropriatsiyani) amalga oshirish chog‘ida rioya etgan
tartib-taomil.
Investorlarning investitsiyalarini va tavakkalchiliklarini sug‘urtalash ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.
22-modda. Investitsiyalarni himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlari va choralari
Investitsiyalarni himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlari va choralari O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan kafolatlar berishni, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga ko‘maklashishni, maxsus soliq va to‘lov rejimini yaratishni, investitsiya loyihalari amalga oshirilishi yuzasidan davlat monitoringi o‘tkazilishini hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomalariga asosan boshqa choralarni o‘z ichiga olishi mumkin.
23-modda. Ziddiyatli qoidalar
Ushbu Qonunning qoidalari va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari yoki xalqaro shartnomalari o‘rtasida biror-bir nomuvofiqlik bo‘lgan taqdirda, investorlar uchun eng qulay bo‘lgan qoidalar ustuvor kuchga ega bo‘ladi.
4-bob. Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish
24-modda. Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish maqsadlari
Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish O‘zbekiston Respublikasini va uning hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning davlat vazifalari bajarilishini ta’minlaydigan investitsiya siyosatini amalga oshirish, investitsiyalar samaradorligini oshirish, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi turli investitsiya ob’ektlariga qo‘yilmalar uchun xavfsiz shart-sharoitlarni ta’minlash maqsadida davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
25-modda. Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish usullari
Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
investitsiya faoliyatining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish;
investitsiya faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining kafolatlarini taqdim etish;
O‘zbekiston Respublikasi hududida maxsus iqtisodiy zonalarni
va kichik sanoat zonalarini barpo etish;
asosiy fondlarni tezlashtirilgan amortizatsiya qilish huquqini berish;
texnik jihatdan tartibga solish normalari, qoidalari va talablarini belgilash;
raqobatni qo‘llab-quvvatlash choralarini qo‘llash;
yer uchastkalariga va boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish
hamda ulardan foydalanish shartlarini belgilash.
Investorlarga bozorda ularni ustuvor mavqega qo‘yuvchi mutlaq qoidalar va huquqlar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
26-modda. Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organining asosiy vakolatlari quyidagilardan iborat:
salohiyatli investorlarga faoliyatining huquqiy, iqtisodiy va boshqa masalalari bo‘yicha maslahat berish hamda ularga yuzaga keladigan masalalarni hal etishda zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatish;
yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirish hamda investitsiya faoliyatini tartibga solish sohasidagi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
hamkorlik yo‘nalishlarini va loyihalarini majburiy ravishda kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining va xo‘jalik boshqaruvi organlarining chet el vakolatli organlari, chet el hukumat moliya tashkilotlari hamda xalqaro moliya institutlari, shuningdek kompaniyalar va salohiyatli chet ellik investorlar bilan investitsiyaviy hamkorlik masalalariga doir o‘zaro aloqalarni ta’minlash;
investorlar bilan doimiy ikki tomonlama aloqani ta’minlash, hududlar va mahalliy yuridik shaxslarga investitsiyalarni jalb qilishda ko‘maklashish, investitsiya takliflari ishlab chiqilishini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalash va xalqaro investitsiya hamjamiyatlari ishida ishtirok etish;
investitsiyalarni jalb qilish, investitsiya muhitini rivojlantirish va O‘zbekiston Respublikasi hududidagi investitsiya faoliyatini takomillashtirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va kiritish.
27-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini tartibga solish bo‘yicha vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z vakolatlari doirasida hamda investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organining hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda quyidagilarni amalga oshiradi:
mahalliy darajada mamlakatning tegishli hududiga investitsiya qilish hajmlarini kengaytirishni rag‘batlantirishga qaratilgan investitsiya siyosatini olib borish, shu jumladan investitsiyalarni jalb qilish, hududda investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, tegishli hududdagi korxonalarning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash;
investitsiya qilishni talab qiladigan istiqbolli loyihalarni, shuningdek bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlarini hamda yer uchastkalarini hududlarning ehtiyojlari va salohiyatidan (resurs, tabiiy-iqlim, mehnat
va h. k.) kelib chiqqan holda o‘rganish va aniqlash;
investorlarning faoliyati bilan bevosita bog‘liq masalalarni, shuningdek zarur hollarda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish vositasida istiqbolli tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish;
tegishli hududdagi investitsiya loyihalarini, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida
va samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlash, ularni hal etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar faoliyatini, shuningdek investorlar tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilishini tahlil qilish asosida tegishli hududning iqtisodiyotiga jalb etilayotgan investitsiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish;
tegishli hududning chet el banklari, fondlar, agentliklar va kompaniyalar bilan investitsiyaviy hamkorlik yo‘nalishlarini o‘zaro manfaatli asosda rivojlantirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
investitsiyalarni tegishli hududga jalb etish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarni va yanada qulay shart-sharoitlar yaratish uchun chet el investitsiyalarini jalb qilish sohasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish.
28-modda. Investitsiyalar jalb etishni amalga oshiruvchi davlat organlarining funksiyalari
Investitsiyalarni jalb etish, amalga oshirish va himoya qilish maqsadida investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi, boshqa davlat boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari:
O‘zbekiston Respublikasida investitsiya faoliyatining imkoniyatlari va shart-sharoitlari haqidagi axborotni tayyorlaydi hamda tarqatadi;
salohiyatli investorlarga faoliyatining huquqiy, iqtisodiy va boshqa masalalari bo‘yicha maslahat beradi hamda ularga yuzaga keladigan masalalarni hal etishda zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatadi;
chet el investitsiyalari masalalari bo‘yicha xalqaro munosabatlarda
o‘z vakolatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish yuritadi.
29-modda. Investorlar faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha davlat organlarining vakolatlari
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga investorlar va investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan rioya etilishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Hukumati vakolat bergan davlat organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Nazorat funksiyalarini amalga oshirishda davlat organi tijorat siri saqlanishini ta’minlashi shart.
5-bob. Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
30-modda. Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning maqsad va usullari
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash qulay investitsiya muhitini yaratish, yangi raqobatbardosh hamda innovatsion, eksportga yo‘naltirilgan va (yoki) import o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarishlarni tashkil etishga doir investitsiyalarni rag‘batlantirish, mavjud ishlab chiqarishlarni zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan hamda zamonaviy boshqaruv tajribasini joriy etgan holda kengaytirish va yangilash maqsadida amalga oshiriladi.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash quyidagi usullarda amalga oshiriladi:
imtiyozlar va preferensiyalar qo‘llash;
investitsiya loyihasini birgalikda moliyalashtirish uchun markazlashtirilgan investitsiyalar ajratish;
moliyaviy, maslahat berish va axborot jihatidan qo‘llab-quvvatlash.
31-modda. Investorlarga va investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilishda ko‘maklashish
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi investorlarga boshqa davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilishda ko‘maklashish maqsadida ishni “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha tashkil etadi.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi va uning hududiy bo‘linmalari ishlarni «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha tashkil etish maqsadida davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlaydi, shu jumladan tegishli Davlat xizmatlari markazlari orqali ta’minlaydi.
Ishlarni “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha tashkil etish quyidagilarni ham o‘z ichiga oladi:
mavjud davlat xizmatlari masalalari bo‘yicha qabul qilish
va maslahat berish;
davlat xizmatlarini olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirishda yordamlashish;
elektron raqamli imzoni, elektron arizani va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda yordamlashish;
davlat xizmatlarini olishda investorga davlat boshqaruvi organlarida va mahalliy davlat hokimiyati organlarida hamrohlik qilish.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalariga chet el investitsiyalarini va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish hamda ular ishtirokida loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq muammolarni hal etishda ko‘maklashadi.
32-modda. Maslahat berish va axborot jihatidan qo‘llab-quvvatlash
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, xalqaro moliya institutlari huzuridagi O‘zbekiston Respublikasi vakolatxonalari investorlarning muammolari va masalalarini hal etish maqsadida o‘z vakolatlariga taalluqli masalalar bo‘yicha ularga maslahat va axborot yordami ko‘rsatadi.
33-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning investitsiya faoliyati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (bundan buyon matnda Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil deb yuritiladi) investitsiya faoliyati sohasida:
O‘zbekiston Respublikasida investitsiya faoliyatini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan masalalar bo‘yicha investorlarning
va investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ularni hal etish uchun tavsiyalar beradi, shu jumladan mazkur masalada davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilgan holda tavsiyalar beradi;
yuzaga keladigan masalalarni suddan tashqari va sudga qadar tartibda hal etishda investorlarga ko‘maklashadi;
investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritadi;
investorga uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, shu jumladan ularni himoya qilish shakllari va usullariga taalluqli masalalarni tushuntiradi;
investorlarning murojaatlari va davlat boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining eshituvlari natijalarini tahlil qiladi;
qonun hujjatlarini tahlil qiladi va investorlarning huquqlarini buzadigan yoki xo‘jalik faoliyatini yuritishni qiyinlashtiradigan normalarni aniqlaydi hamda natijasi bo‘yicha investorlarning buzilgan huquqlarini, erkinliklarini tiklash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun tavsiyalar ishlab chiqadi;
tegishli davlat boshqaruvi organiga investorlarning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklashga qaratilgan tavsiyalar kiritadi.
Tavsiyalar olgan davlat boshqaruvi organi va mahalliy davlat hokimiyati organi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga tavsiyalarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida yozma javob taqdim etadi.
Zarur bo‘lgan taqdirda, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar
va tashkilotlardan investorlarning hamda investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning murojaatlarini ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan axborotni so‘rab oladi, bundan davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi axborot mustasno.
6-bob. Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha imtiyoz hamda preferensiyalar
34-modda. Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha imtiyoz hamda preferensiyalar berish
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘llaniladigan imtiyoz hamda preferensiyalar quyidagilarni o‘z ichiga olishi mumkin:
davlat mulki bo‘lgan ob’ektlarni yoki ularga bo‘lgan mulkiy huquqlarni imtiyozli yoki nolga teng xarid qiymati bo‘yicha investorga berish;
soliqlar va to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar berish;
investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun investor tomonidan olinadigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini subsidiyalash.
Imtiyozlar va preferensiyalar quyidagilarga qarab beriladi:
investitsiyalar hajmiga;
investitsiya loyihasi amalga oshiriladigan joyning shart-sharoitlariga;
kutilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy samaraga va yangi ish o‘rinlarini yaratishga;
investitsiya loyihasini amalga oshirish sohalari va tarmoqlariga.
Soliqlar va to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar qonunda belgilangan tartibda beriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘llaniladigan preferensiyalar tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari bilan, shu jumladan munitsipal ob’ektlarga nisbatan Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablag‘lari hisobidan berilishi mumkin.
Imtiyozlar va preferensiyalar tegishli hududga investitsiyalar kiritishni nazarda tutuvchi investorlarga mazkur hudud infratuzilmasining rivojlanish darajasidan kelib chiqqan holda beriladi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb qilgan holda tashkil etilgan va qonun hujjatlari bilan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlarida mahsulot ishlab chiqarishga (xizmatlar ko‘rsatishga) ixtisoslashgan korxonalarga O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan tartibda alohida soliqlar yuzasidan imtiyozlar qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari nazarda tutiladi.
35-modda. Investitsiyaga oid soliq krediti
Investorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga investitsiyaga oid soliq krediti berilishi mumkin va ushbu kredit soliq majburiyatini bajarish muddatini o‘zgartirish shakli bo‘lib, bunda soliq to‘lovchi bo‘lgan investorga belgilangan muddat ichida ushbu investor to‘lashi kerak bo‘lgan soliq to‘lovlarini kredit summasini va hisoblangan foizlarni O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq keyinchalik bosqichma-bosqich to‘lagan holda kamaytirish imkoniyati beriladi.
36-modda. Investitsiya subsidiyasi
Zarur muhandislik-kommunikatsiya sharoitlarini ta’minlash, shuningdek imtiyozlar berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Hukumati investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha investitsiya preferensiyasi tarzida taqdim etiladigan moliyaviy ko‘mak sifatida investitsiya subsidiyasini berishi mumkin.
Investorga zarur muhandislik-kommunikatsiya sharoitlari shaklidagi investitsiya subsidiyasi investitsiya faoliyati ob’ektiga olib boriladigan tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini O‘zbekiston Respublikasi tomonidan qurish yo‘li bilan ta’minlanadi.
Investitsiya subsidiyasi soliq va bojxona imtiyozlari sifatida ham berilishi mumkin.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda investorning investitsiya subsidiyasi berish to‘g‘risidagi arizasini O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan tartib va muddatlarda ko‘rib chiqadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga taklif kiritadi.
7-bob. Markazlashtirilmagan investitsiyalar
37-modda. Markazlashtirilmagan investitsiyalarning manbalari
Markazlashtirilmagan investitsiyalarning manbalari quyidagilardan iborat:
investorning shaxsiy mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasining kafolatisiz olingan, shu jumladan
chet el banklaridan olingan bank kreditlari;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari.
Markazlashtirilmagan investitsiyalar qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa manbalardan ham amalga oshirilishi mumkin.
Markazlashtirilmagan investitsiyalarni boshqarish investor tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
38-modda. Markazlashtirilmagan investitsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish
Markazlashtirilmagan investitsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha qaror investor, tijorat banki, shu jumladan chet el banki tomonidan qabul qilinadi.
39-modda. Investitsiya loyihalarining ekspertizasi
Markazlashtirilmagan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari sanitariya-gigiyena, radiatsiyaviy, ekologik, arxitektura-shaharsozlik talablari va boshqa talablar bajarilishiga taalluqli qismi bo‘yicha davlat ekspertizasidan o‘tkazilishi lozim.
Kichik tadbirkorlik sub’ektlarining banklar kredit resurslari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari mazkur investitsiya loyihalarini amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan tijorat banklari tomonidan ekspertizadan o‘tkazilishi lozim.
8-bob. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuziladigan investitsiya shartnomasi
40-modda. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasini tuzish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati chet ellik investorlar tomonidan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash maqsadida o‘zaro kelishuvga ko‘ra qo‘shimcha kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralari (imtiyoz va preferensiyalar) beriladigan investitsiya shartnomasini tuzishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati chet ellik investorga investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash doirasida qo‘shimcha kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralarini (imtiyozlar
va preferensiyalarni) taqdim etgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasi majburiy tartibda tuziladi.
Chet ellik investorlarga qo‘shimcha kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralari (imtiyoz va preferensiyalar) har bir aniq holatda quyidagilarga investitsiya qilish chog‘ida taqdim etiladi:
barqaror iqtisodiy o‘sishni, mamlakat iqtisodiyotidagi ilg‘or texnologik o‘zgarishlarni ta’minlovchi ustuvor tarmoqlarga;
O‘zbekiston Respublikasining eksport salohiyatini mustahkamlash
va kengaytirishni, uning jahon xo‘jalik aloqalariga integratsiyasini ta’minlovchi ustuvor loyihalarga.
Bunda soliqlar va to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar
chet ellik investorlar tomonidan tashkil etilgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga faqat aniq belgilangan muddatga beriladi
va bu imtiyozlar muddatsiz xususiyatga ega bo‘lishi mumkin emas.
Ushbu modda investitsiya loyihalari bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash maqsadida bir tomondan investor va boshqa tomondan investitsiya faoliyati sub’ektlari, shu jumladan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘rtasida tuziladigan, investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan qo‘shimcha kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralari (imtiyoz va preferensiyalar) berilishini talab qilmaydigan investitsiya shartnomalarining amal qilishini hech qanday tarzda cheklamaydi.
41-modda. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuziladigan investitsiya shartnomasining taraflari
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuziladigan investitsiya shartnomasining taraflari sifatida chet ellik investor hamda investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi orqali O‘zbekiston Respublikasi Hukumati ish yuritadi.
42-modda. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuziladigan investitsiya shartnomasining shartlari
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuziladigan investitsiya shartnomasi quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
investitsiyalar ob’ekti va hajmi, loyihaning boshlanish hamda tugallanish muddatlari;
investitsiya shartnomasining amal qilish muddati va shartlari;
korrupsiyaga va monopoliyaga qarshi kurashish sharti;
chet ellik investorning huquq va majburiyatlari, shu jumladan investitsiya qilish, mahsulot ishlab chiqarish hajmi, mahalliylashtirish, mahsulotning sifati, tovarlar va xizmatlar eksportining hajmi, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan normalar, qoidalar va standartlarga,
shu jumladan raqobat to‘g‘risidagi, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi, investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi, mehnat to‘g‘risidagi, shaharsozlik to‘g‘risidagi va atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishi bo‘yicha huquq va majburiyatlari;
chet ellik investorning xalqaro standartlarga, shuningdek energiya samaradorligi va ekologik normalar bo‘yicha zamonaviy talablarga muvofiq bo‘lgan zamonaviy uskunalar va texnologiyalarni yetkazib berishga doir majburiyatlari;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining huquq va majburiyatlari,
shu jumladan investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilanganiga qo‘shimcha kafolatlar hamda qo‘llab-quvvatlash choralarini (imtiyoz va preferensiyalarni) taqdim etishga doir huquq
va majburiyatlari;
loyihani moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish jadvallari, investitsiya loyihasi amalga oshirilishining borishi ustidan texnik nazorat tartibi to‘g‘risidagi axborot;
chet ellik investor tomonidan o‘z majburiyatlari bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotlarni taqdim etish tartibi va muddatlari;
taraflarning investitsiya shartnomasi shartlarini bajarmaganlik uchun javobgarligi, shu jumladan chet ellik investorga davlat organlari mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, shuningdek investitsiya shartnomasiga muvofiq chet ellik investor o‘z majburiyatlariga rioya qilmaganda yoki lozim darajada rioya qilmaganda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan
o‘z majburiyatlarini bajarishni bir tomonlama tartibda rad etish huquqi;
o‘zgartirishlar kiritish tartibi;
tugatish tartibi;
investitsiya shartnomasi taraflari o‘rtasidagi investitsiya shartnomasi qoidalari bilan bog‘liq nizolarni hal etish tartibi, joyi va nizolarni ko‘rib chiqadigan organ.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasida investitsiya loyihasining o‘ziga xos xususiyatlariga qarab boshqa shartlar, shu jumladan quyidagi shartlar ham bo‘lishi mumkin:
hududning ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha taraflarning o‘zaro majburiyatlari;
chet ellik investorning shartnoma shartlarini bajarish natijasida ishlab chiqargan, o‘ziga tegishli bo‘lgan mahsulotni va olingan foydasini (daromadlarini) O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish huquqi;
chet ellik investorning O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan ishchilarni yollash va o‘qitishga doir majburiyatlari, texnologiyalardan foydalanish shartlari, shuningdek investitsiya loyihasini amalga oshirish tugallanganidan so‘ng tashkil etilgan tashkilot xodimlarini o‘qitish bo‘yicha majburiyatlari.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuziladigan investitsiya shartnomasida chet ellik investorga uni bozorda ustun mavqega qo‘yadigan mutlaq qoidalar va huquqlar berilishi taqiqlanadi.
43-modda. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasini tuzish bo‘yicha takliflar kiritish tashabbusi
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasini tuzish bo‘yicha taklif kiritish tashabbusi chet ellik investor tomonidan mustaqil ravishda yoki davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yoki xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan birgalikda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasini tuzish uchun chet ellik investor mustaqil ravishda yoki loyihaning tegishli tashabbuskorlari bilan birgalikda investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organiga yoki uning tasarrufidagi chet el investitsiyalarini jalb qilish sohasidagi tashkilotga quyidagilarni taqdim etadi:
investitsiya shartnomasini tuzish va investitsiya faoliyati ob’ektiga investitsiyalarni amalga oshirish maqsadi, shuningdek investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha mavjud tajriba (agar mavjud bo‘lsa) to‘g‘risidagi axborot ko‘rsatilgan ariza;
investitsiya shartnomasining loyihasi;
vakolatli organlarda qonun hujjatlarida belgilangan hollarda ekspertizadan o‘tgan texnik-iqtisodiy asoslash (texnik-iqtisodiy hisob-kitob) asosida bajarilgan biznes-reja loyihasi.
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi yoki uning tasarrufidagi
chet el investitsiyalarini jalb qilish sohasidagi tashkilot investitsiya shartnomasi loyihasini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish, investitsiya loyihasini moliyaviy-iqtisodiy baholash, chet ellik investorlarga
va (yoki) investitsiyalar ishtirokida tashkil etilayotgan korxonaga qonun hujjatlarida belgilanganidan qo‘shimcha ravishda kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralari (imtiyoz va preferensiyalar) berishga taalluqli qismi bo‘yicha davlat boshqaruvi organlarining xulosalarini keyinchalik ularni O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga ko‘rib chiqish uchun kiritish maqsadida oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ijobiy xulosasi yakunlariga ko‘ra investitsiya shartnomasi chet ellik investor va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi orqali yozma shaklda tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan imzolangan investitsiya shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ushbu shartnomani tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan sanadan e’tiboran, agar ushbu qarorda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomalari ijrosining monitoringi hamda nazoratini investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi amalga oshiradi.
44-modda. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasini bekor qilish shartlari
Investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash doirasidagi qo‘shimcha kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralarining (imtiyozlar va preferensiyalarning) amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilish muddati tugagach bekor qilinadi yoxud ushbu moddada belgilangan tartibda bunday muddatning tugashiga qadar bekor qilinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilishi quyidagi hollarda muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin:
taraflarning o‘zaro kelishuviga binoan;
bir tomonlama tartibda.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar chet ellik investor tomonidan bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi chet ellik investorga O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasiga o‘zgartirishlar kiritish uchun investitsiya loyihasini to‘xtatib turish va (yoki) uni bundan buyon amalga oshirish imkoniyatini asoslovchi hujjatlarni taqdim etish zarurligi to‘g‘risida yozma xabarnoma yuboradi.
Agar chet ellik investor tomonidan yozma xabarnoma olingan paytdan e’tiboran uch oy mobaynida investitsiya loyihasini to‘xtatib turish
va (yoki) uni bundan buyon amalga oshirish imkoniyatini asoslovchi hujjatlar taqdim etilmagan bo‘lsa, investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilishini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga taqdimnoma kiritadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining xulosasini olganidan keyin chet ellik investorga O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasining amal qilishi muddatidan oldin bir tomonlama tartibda bekor qilinganligi to‘g‘risida yozma xabarnoma yuboradi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi bekor qilingan taqdirda, chet ellik investor investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi bo‘yicha berilgan qo‘shimcha kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralari (imtiyozlar va preferensiyalar) tufayli byudjetga to‘lanmagan soliqlar
va to‘lovlarning summalarini to‘laydi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomasini tuzgan chet ellik investorning tashabbusiga ko‘ra bir tomonlama tartibda bekor qilingan taqdirda, mazkur chet ellik investor investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi bo‘yicha berilgan qo‘shimcha kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralari (imtiyozlar va preferensiyalar) tufayli byudjetga to‘lanmagan soliqlar
va to‘lovlarning summalarini to‘laydi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi taraflarning kelishuviga ko‘ra muddatidan oldin bekor qilinganda majburiyatlarni bundan buyon ijro etish ularning o‘zaro kelishuvi bilan belgilanadi.
45-modda. Chet el investitsiyalari bo‘yicha davlatning majburiyatlari
Davlat faqat chet ellik investorlar bilan tuzilgan, vakolatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan shaxslar tomonidan imzolangan tegishli shartnomalarda o‘z zimmasiga olgan majburiyatlar yuzasidangina javobgar bo‘ladi.
Davlat chet el investitsiyalarini jalb etuvchi O‘zbekiston Respublikasi rezidentlarining majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi, bundan ushbu majburiyatlar davlat tomonidan kafolatlangan hollar mustasno.
Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, banklar tomonidan chet ellik investorlarning va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha talablar
va cheklovlar belgilash taqiqlanadi.
9-bob. Chet el investitsiyalarining huquqiy rejimi
46-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida chet ellik investorlar va ularning investitsiyalari uchun huquqiy rejim
Chet ellik investorlarga hamda chet el investitsiyalariga adolatli
va teng huquqli rejim taqdim etiladi, ularni to‘liq va doimiy ravishda himoya qilish hamda ularning xavfsizligi ta’minlanadi. Bunday rejim O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan rejimga nisbatan noqulayroq bo‘lishi mumkin emas.
Chet el investitsiyalari uchun huquqiy rejim O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan amalga oshiriladigan investitsiyalarning tegishli rejimiga nisbatan noqulayroq bo‘lishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiq iqtisodiyotning hamda aholi sog‘lig‘ini, hayvonot va o‘simlik dunyosini, atrof-muhitni muhofaza qilishning, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizligiga doir manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashning belgilangan sohalariga chet el investitsiyalarini kiritish uchun cheklovlarni yoki taqiqni o‘z ichiga olishi mumkin.
Chet ellik investorlarning O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan kafolatlangan, buzilgan huquq va manfaatlarini tiklash O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadi.
47-modda. Chet ellik investorlarning huquqlari
Chet ellik investor ushbu Qonunning 10-moddasida nazarda tutilgan huquqlar bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasidagi investitsiya faoliyati natijasida olingan, o‘ziga tegishli bo‘lgan ixtirolarni, foydali modellarni va sanoat namunalarini xorijda hamda O‘zbekiston Respublikasida patentlash to‘g‘risida mustaqil ravishda qaror qabul qilish huquqiga ega.
Chet davlatlarning fuqarolari bo‘lgan chet ellik investorlarga,
shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish korxonalarini tashkil etishga investitsiyalar kiritgan muassislariga (ishtirokchilariga) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan shartlarda O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi soddalashtirilgan tartibda beriladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning muassislari (ishtirokchilari) bo‘lgan chet ellik investorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan shartlarda O‘zbekiston Respublikasidan chiqmasdan muddatini uzaytirish imkoniyati bilan «investitsiya vizasi»ni, ularning oila a’zolari (turmush o‘rtog‘i, ota-onasi va farzandlari) esa «investitsiya vizasi» amal qilish muddatiga
mos ravishda «mehmon vizasi»ni olish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi tashqarisida bo‘lgan chet ellik investorlarga «investitsiya vizasi» turidagi viza O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet ellik investorlarga esa O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan beriladi.
Chet ellik investorlarga «investitsiya vizasi» turidagi vizani
va O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga yoxud «investitsiya vizasi»ga ega bo‘lgan chet ellik investorlar hamda ularning oila a’zolari (turmush o‘rtog‘i, ota-onasi va farzandlari) quyidagi huquqlarga ega:
O‘zbekiston Respublikasi hududida ishga joylashish;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan teng huquqlar asosida tibbiy va ta’lim xizmatlaridan foydalanish;
O‘zbekiston Respublikasining ta’lim muassasalarida o‘rta va oliy ta’lim olish.
48-modda. Chet ellik xodimlarni jalb qilish
Investorlar va chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar investitsiya faoliyatini amalga oshirish maqsadida har qanday chet davlat fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan mehnat shartnomalarini erkin tuzish huquqiga ega. Bunday shaxslar mehnat shartnomasining butun amal qilish davrida tegishli ko‘p martalik vizalarni olgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish va uning hududida bo‘lish huquqiga ega.
Chet ellik xodimlar mehnatiga haq to‘lash, ularga ta’til berish, ularni pensiya bilan ta’minlash masalalari ushbu xodimlarning har biri bilan tuzilgan mehnat shartnomalarida hal etilishi kerak. Ushbu xodimlarning ish haqi va qonuniy yo‘l bilan olingan boshqa daromadlari qonunda belgilangan soliq va to‘lov to‘langandan keyin ular tomonidan boshqa davlatlarga hech bir cheklovlarsiz o‘tkazilishi mumkin.
Investor, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxona chet ellik xodim uchun pensiya ta’minoti bo‘yicha to‘lovlarni ushbu xodimning doimiy yashash joyi bo‘lgan mamlakatning tegishli fondlariga o‘tkazishi mumkin.
49-modda. Harakatlanish erkinligi
Investitsiya faoliyati bilan bog‘liq holda O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib turgan chet ellik investorlar, ularning vakillari va xodimlari O‘zbekiston Respublikasining butun hududida erkin harakatlanish huquqiga ega.
Ayrim cheklovlar, agar erkin harakatlanishga doir bunday cheklovlar qonunda belgilangan bo‘lsa, faqat O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo‘llanilishi mumkin.
50-modda. Investitsiyalarni sug‘urtalash
Investorlar O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy ravishda faoliyat ko‘rsatayotgan har qanday sug‘urta tashkilotida sug‘urta himoyasiga bo‘lgan huquqdan foydalanadi. Investitsiyalarni siyosiy va boshqa tavakkalchiliklardan sug‘urtalash xalqaro tashkilotlar, chet el agentliklari, boshqa sug‘urta kompaniyalari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Investitsiyalarni sug‘urtalashni amalga oshiruvchi sug‘urta tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydi. Davlat sug‘urta tashkilotlarining majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydi, bundan taraflarning bitimlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Investitsiyalarni sug‘urtalash siyosiy va boshqa tavakkalchiliklardan, shu jumladan quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi tavakkalchiliklardan sug‘urta himoyasini hamda kafolatlarini ta’minlaydi:
mulkning rekvizitsiya (ekspropriatsiya) qilinishini, shuningdek mulkni olib qo‘yishga yoki uni boshqa shaxsga berishga, uning ustidan yoki undan olinadigan daromadlar ustidan nazoratning yo‘qolishiga olib keladigan har qanday qonunchilik yoki ma’muriy choralarni;
chet el valyutasini mamlakatdan tashqariga o‘tkazish bo‘yicha cheklovlar joriy etishni;
davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining va ular mansabdor shaxslarining investorlar shartnomaviy munosabatlariga aralashuvini;
urushlarni, fuqarolarning tartibsizliklari va boshqa shunga o‘xshash voqealarni;
investorlar va chet el investitsiyalari bilan bog‘liq bo‘lgan siyosiy
va o‘zga tavakkalchiliklarning boshqa turlarini.
10-bob. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar
51-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning faoliyati
Chet ellik investorlar O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishi va ularga O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari hamda xalqaro shartnomalari bilan berilgan barcha huquqlar, kafolatlar va imtiyozlardan foydalanishi mumkin.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar quyidagi
huquqlarga ega:
O‘zbekiston Respublikasi hududida, shuningdek uning tashqarisida har qanday valyutada, har qanday bankda hisobvaraqlarni ochish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish;
ssudalarni chet el valyutasida olish va qaytarish.
52-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning sho‘’ba korxonalari, filiallari, vakolatxonalari va boshqa alohida bo‘linmalari
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona O‘zbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan sho‘’ba korxonalar, filiallar, shuningdek yuridik shaxs bo‘lmagan vakolatxonalar va boshqa alohida bo‘linmalar tashkil etishi mumkin.
53-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning xo‘jalik birlashmalari
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar O‘zbekiston Respublikasi hududida ixtiyoriy asosda uyushmalar va boshqa xo‘jalik birlashmalarini tashkil etishi, shuningdek amaldagi xo‘jalik birlashmalariga teng huquqli a’zo sifatida kirishi mumkin.
54-modda. Chet ellik investorlarning xo‘jalik faoliyati
Chet ellik investorlarning xo‘jalik faoliyati, shu jumladan
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni, ularning sho‘’ba korxonalarini, filiallarini hamda boshqa tuzilmalarini, shuningdek xo‘jalik uyushmalari va birlashmalarini tashkil etishga, sotishga, qayta tashkil etishga yoki tugatishga, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning fondlarini shakllantirishga, ijara shartnomalarini va boshqa shartnomalarni tuzishga doir xo‘jalik faoliyati O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soliqlar
va to‘lovlar to‘laydi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning chet el valyutasidagi barcha xarajatlari ularning o‘z valyuta tushumlari, shuningdek chet el valyutasini olishning qonun hujjatlarida ruxsat etilgan boshqa manbalari hisobidan ta’minlanishi kerak. Ularning o‘zini-o‘zi valyuta bilan qoplashi tashkil etiladigan birlashmalar va boshqa tashkiliy tuzilmalar faoliyati doirasida ham ta’minlanishi mumkin.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar eksport-import operatsiyalarini qonun hujjatlari talablariga rioya etgan holda mustaqil ravishda amalga oshiradi. Shaxsiy ishlab chiqarish mahsulotlarining eksporti litsenziyalanmaydi va kvotalanmaydi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun mahsulotni O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq litsenziyasiz import qilishga haqli. Eksport uchun yetkazib berilayotgan shaxsiy ishlab chiqarish mahsulotini va korxonalar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun import qilinayotgan mahsulotni aniqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasiga chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar tomonidan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan mol-mulk ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran ikki yil mobaynida bojxona bojini undirishdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ozod etiladi. Chet ellik investorlarning, chet davlatlar fuqarolarining va O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi, chet ellik investorlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan mol-mulkdan bojxona boji undirilmaydi.
Ixtirolarni va sanoat namunalarini investitsiyalar sifatida kirituvchi chet ellik investorlarga hamda chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga tegishli bo‘lgan ixtirolarni patentlash hamda sanoat namunalarini joriy etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar korxona fondlarining ro‘yxatini, ularni tuzish va ulardan foydalanish tartibini mustaqil ravishda belgilaydi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallanmagan yer uchastkasini ellik yilga qadar, biroq investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun arizada ko‘rsatilganidan kam bo‘lmagan uzoq muddatli ijaraga olish huquqiga ega.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va shartlar asosida yer uchastkalarini olishi mumkin.
Qurilishga va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi ushbu ob’ektlar bilan birga boshqa shaxsga o‘tganda yer uchastkalaridan foydalanish huquqi
ham qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda va shartlar asosida boshqa shaxsga o‘tadi.
Mol-mulkni chet ellik investorlarga ijaraga berish ijaraga beruvchi tomonidan tegishli shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar xodimlarining mehnatga oid munosabatlari O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar xodimlarining pensiya ta’minoti qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
55-modda. Majburiyatlarni ta’minlash
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning mol-mulki
va mulkiy huquqlaridan ular o‘z majburiyatlarining barcha turlarini ta’minlash sifatida, shu jumladan qarz mablag‘larini jalb etishni ta’minlash uchun foydalanishi mumkin. Uning savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlariga, shuningdek turar joylarga va turar joylar joylashgan yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi, binolarga, inshootlarga, uskunalarga bo‘lgan mulkiy huquqlari, shuningdek boshqa ashyoviy huquqlari majburiyatlarning ta’minoti sifatida ko‘rsatilishi mumkin.
Chet ellik investorga mulk huquqlari asosida tegishli bo‘lgan barcha mol-mulk va mulkiy huquqlardan, ular qayerda turganligidan qat’i nazar, investor tomonidan o‘z majburiyatlarining ta’minoti sifatida foydalanilishi mumkin.
56-modda. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonani qayta tashkil etish yoki tugatish
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.
O‘z ustav fondini (ustav kapitalini) belgilangan muddatda ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorlarda shakllantira olmagan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona uni amalda shakllantirib ulgurgan, ammo qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan oz bo‘lmagan darajagacha kamaytirishi yoki o‘zi boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga aylantirilishi mumkin.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning aktivlariga ushbu korxonalar tugatilgan taqdirda soliq solinadi. Aktivlarning qolgan qismi, agar ta’sis hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona ishtirokchilari o‘rtasida ularning korxona mol-mulkidagi ulushiga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Chet ellik investor chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona tarkibidan chiqqan yoki ushbu korxona tugatilgan taqdirda korxonaning
mol-mulkidagi o‘z ulushini bozor qiymatiga muvofiq pul yoki tovar shaklida qaytarib olish huquqiga ega bo‘ladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda o‘zlari bilan mehnat shartnomalari tugatilgan xodimlarning huquqlari va manfaatlariga rioya etilishi kafolatlanadi.
11-bob. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida investitsiya faoliyatini amalga oshirish
57-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida investitsiya faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega.
Chet davlatlarning hududiga investitsiyalar yuborishni tartibga solish ushbu Qonunga, hududida investitsiya faoliyati amalga oshirilayotgan davlatning qonun hujjatlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
58-modda. O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati
O‘zbekiston Respublikasining davlat boshqaruvi organlari O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida investitsiya faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasining mol-mulkini chet davlatlar hududidagi yuridik shaxslarning ustav fondlariga (ustav kapitallariga) kiritish mulkdorning yoki u vakolat bergan davlat boshqaruvi organlarining roziligi bilan amalga oshiriladi.
59-modda. Investitsiyalarni O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga yuborish chog‘idagi investitsiya faoliyatining shakllari
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi investitsiya faoliyati quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxslarni, shuningdek ularning sho‘’ba korxonalarini, filiallarini, vakolatxonalarini va boshqa alohida bo‘linmalarini chet davlatning qonun hujjatlari talablariga rioya etgan holda tashkil etish;
mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni olish;
chet davlatlarning qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq bo‘lgan boshqa har qanday shakllar.
12-bob. Yakunlovchi qoidalar
60-modda. Investitsiya faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish yoki tugatish
Investitsiya faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish yoki tugatish investorning qaroriga, vakolatli davlat organining qaroriga yoki sudning qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin.
Investitsiya faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinishi mumkin:
investor qonunda belgilangan tartibda bankrot deb e’lon qilinganda yoki tan olinganda;
favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘iga boshqa haqiqiy tahdidlar yuzaga kelganda;
investitsiya shartnomasida, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan tuzilgan investitsiya shartnomasida belgilangan majburiyatlar bajarilmaganda va (yoki) qo‘pol ravishda buzilganda;
investitsiya faoliyati jarayonida qonun hujjatlarida belgilangan sanitariya-gigiyena, radiatsiyaviy, ekologik, arxitektura-shaharsozlik talablari hamda boshqa talablar, yuridik va jismoniy shaxslarning talablari, huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlar aniqlanganda.
Investitsiya faoliyatini tadbirkorlik sub’ektining faoliyatini to‘xtatib turishga yoki cheklashga olib keladigan tarzda cheklash, to‘xtatib turish (bundan investitsiya faoliyatini favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun boshqa haqiqiy tahdid yuzaga kelishining oldi olinishi munosabati bilan o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga cheklash, to‘xtatib turish hollari mustasno) yoki tugatish sud tartibida amalga oshiriladi.
61-modda. Davlat organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Davlat organlarining investitsiya faoliyati sub’ektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzadigan yoki cheklaydigan qarorlari, ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
62-modda. Investitsiya faoliyati sub’ektlariga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash
Investitsiya faoliyati sub’ektiga investitsiya faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish yoki tugatish munosabati bilan yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash qonunda belgilanadi.
Davlat boshqaruvi organlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan investitsiya faoliyati sub’ektlarining huquqlarini cheklaydigan qarorlar qabul qilingan taqdirda, shuningdek ushbu organlar tomonidan investitsiya faoliyati sub’ektlarining xo‘jalik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashilgan hollarda yetkazilgan zararlarning o‘rni qonun hujjatlariga muvofiq qoplanadi.
Davlat organining (mansabdor shaxsning) g‘ayriqonuniy ma’muriy hujjat chiqarishi natijasida investitsiya faoliyati sub’ektlariga yetkazilgan zararlarning o‘rni sudning qarori asosida davlat tomonidan, birinchi navbatda tegishli organlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olgan holda qoplanishi yoki kompensatsiya qilinishi lozim.
63-modda. Nizolarni hal etish
Chet el investitsiyalari bilan bog‘liq bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasi hududida chet ellik investorning investitsiya faoliyatini amalga oshirishi chog‘ida yuzaga keladigan nizo (investitsiyaviy nizo) muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan hal etiladi. Agar investitsiyaviy nizoning taraflari muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan nizoni kelishilgan holda hal etishga erishishga qodir bo‘lmasa, bunday nizo mediatsiya yo‘li bilan tartibga solinishi kerak.
Muzokaralar o‘tkazish va mediatsiya yo‘li bilan tartibga solinmagan investitsiyaviy nizo O‘zbekiston Respublikasining tegishli sudi tomonidan hal qilinishi kerak.
Investitsiyaviy nizolarni ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda hal qilish mumkin bo‘lmagan taqdirda, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida va (yoki) investor hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida tuzilgan shartnomada tegishli va haqiqiy arbitraj sharti nazarda tutilgan bo‘lsa, bunday nizo xalqaro arbitraj vositasida hal etilishi mumkin.
Faqat O‘zbekiston Respublikasining imzolangan va amaldagi xalqaro shartnomalari va (yoki) investor hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida xalqaro arbitrajga murojaat qilish paytida tuzilgan shartnoma doirasidagi yozma rozilik O‘zbekiston Respublikasining investitsiyaviy nizoni arbitraj yo‘li bilan hal etishga bo‘lgan roziligi hisoblanadi.
64-modda. Ilgari amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan ushbu Qonunning qoidalarini qo‘llash
Ushbu Qonun ilgari mazkur Qonun kuchga kirguniga qadar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan faqat investorga eng ko‘p qulay bo‘lgan qismi bo‘yicha qo‘llaniladi.
65-modda. Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
66-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan «Chet el investitsiyalari to‘g‘risida»gi 609–I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998 yil, № 5–6, 91-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan «Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida»gi 611–I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998 yil, № 5–6, 93-modda);
3) O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 24 dekabrda qabul qilingan «Investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi 719–I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 9 dekabrda qabul qilingan O‘RQ–380-sonli Qonuni tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014 yil, № 12, 342-modda);
4) O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 20 avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 832–I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999 yil, № 9, 229-modda) XXIII bo‘limi;
5) O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 12 dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 568–II-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004 yil, № 1–2, 18-modda) XXII va XXIV bo‘limlari;
6) O‘zbekiston Respublikasining 2005 yil 16 sentyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga hamda
«Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘RQ–6-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005 yil, № 9, 310-modda);
7) O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 31 dekabrda qabul qilingan «Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘RQ–197-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008 yil, № 12, 640-modda) 23, 24 va 27-moddalari;
8) O‘zbekiston Respublikasining 2012 yil 25 dekabrda qabul qilingan «Soliq va byudjet siyosatining 2013 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi, shuningdek soliq hisobotini taqdim etish davriyligi qisqartirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish
va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–343-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012 yil, № 12, 334-modda) 3-moddasi;
9) O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 20 yanvarda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish
va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–365-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014 yil, № 1, 2-modda) 16 va 17-moddalari;
10) O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 18 aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish
va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–429-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017 yil, № 4, 137-modda) 7-moddasi;
11) O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 14 sentyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi O‘RQ–446-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017 yil, № 9, 510-modda) 40-moddasi;
12) O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 26 iyulda qabul qilingan «Iqtisodiyotning jadal rivojlanishini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–488-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018 yil, № 7, 433-modda) 2-moddasi.
67-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida, ayniqsa investitsiya faoliyati sub’ektlari o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
68-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan
o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
69-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019 yil 25 dekabr
LiveBarchasi