Mirziyoyev Imomali Rahmonni O‘zbekistonga taklif qildi
Jamiyat
−
04 may 2022
7530Bugun, 4 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlab davlat yetakchilar muqaddas Ramazon hayiti bilan bir-birini samimiy qutlab, mamlakatlarning birodar xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, baxt-saodat, farovonlik va ravnaq tilagan.
Suhbat davomida, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida qabul qilingan bitimlar va erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi batafsil muhokama qilingan.
Amaliy hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport sohalari va boshqa yo‘nalishlarda ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.
Prezidentlar hududlar o‘rtasidagi faol muloqotlarni va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish zarurligini ta’kidlagan. O‘zaro loyihalar va ko‘p qirrali hamkorlik dasturlarini jadallashtirish uchun ikki mamlakat hukumatlari darajasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazish va muvofiqlashuvni kuchaytirish muhim ekani qayd etilgan.
“Bundan tashqari, mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ishonch va do‘stlik ruhida o‘tda”, deyiladi xabarda.
Tojikiston Prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonni O‘zbekistonga taklif qilgan. Tashrifning aniq vaqti hali kelishilmagan.
LiveBarchasi