Mirziyoyev IHT Bosh kotibini qabul qildi
Jamiyat
−
08 noyabr 2023
3812Bugun, 8 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) bosh kotibi Xusrav Noziriyni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, suhbat avvalida Xusrav Noziriy Prezident Mirziyoyevga O‘zbekiston IHT faoliyatida faol ishtirok etayotgani, ilk bor Toshkentda “Hamkorlikda iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari” shiori ostida o‘tkaziladigan IHTning navbatdagi sammiti yuqori saviyada tayyorlangani uchun minnatdorlik bildirgan.
Shundan so‘ng, birlashma doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ushbu ko‘p tomonlama tuzilmalar faoliyati samaradorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Davlat rahbari o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, savdo, transport, investitsiyalar, innovatsiyalar, ekologiya, turizm sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun katta imkoniyat borligini qayd etgan.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonning 2021 yilgi Ashxobod sammiti davomida ilgari surilgan tashabbuslari izchil amalga oshirilayotgani alohida qayd etilgan. Bundan tashqari IHT davlatlari yetakchilarining bo‘lajak yig‘ilishi kun tartibi yuzasidan fikr almashilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8-9 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n oltinchi sammiti bo‘lib o‘tadi.