Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovga tabrik yo‘lladi

Olam

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga mamlakatlar o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

“Sizni aloqalarimiz tarixidagi muhim sana – O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarimni yo‘llashdan bag‘oyat xursandman. Davlatlarimizning yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro yaqin hamkorlik rishtalari asrlar davomida yonma-yon, tinch va totuv yashab kelayotgan, ildizlari mushtarak va qon-qardosh bo‘lgan xalqlarimizning umumiy farovonligi va ravnaqiga, shuningdek, mintaqamiz tinchligi va barqarorligi uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilib kelmoqda”, deydi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama kengaytirishda, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan strategik sheriklikni yuksaltirishda Gurbanguli Berdimuhamedov qo‘shib kelayotgan ulkan hissasi borligini alohida ta’kidlagan.

“Siz bilan o‘rtamizda qaror topgan doimiy ochiq va ishonchli muloqotlar, davlatlararo munosabatlarimizni tartibga soluvchi samarali mexanizmlarning yaratilgani barcha ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda. Sizning uzoqni ko‘zlagan, oqilona ichki va tashqi siyosatingiz natijasida bugungi kunda Turkmaniston barcha jabhalarda katta yutuq va marralarga erishmoqda, aholining farovonligi muttasil oshib, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori yuksalib bormoqda”, deyiladi tabrikda.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning 11 noyabrida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Gurbanguli Berdimuhamedovning shaxsan ishtiroki va “Turkiy dunyoning oliy ordeni” bilan taqdirlangani anjumanning ahamiyatini yanada oshirganini aytib o‘tgan.

Tabrik so‘nggida Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedovga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh turkman xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, davomiy taraqqiyot va farovonlik tilagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing