Mirziyoyev FIFA rahbari bilan uchrashdi (foto)

Jamiyat

image

Bugun, 5 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu uchrashuvda respublikada futbolni ommalashtirish va yirik tadbirlarni birgalikda o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Nufuzli global sport tashkiloti rahbari O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish, unga yoshlar va qizlarni keng jalb qilish, iste’dodlarni tarbiyalash, ommabop va zamonaviy infratuzilmani yaratish, malakali murabbiylar va soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni yuksak baholab, to‘liq qo‘llab-quvvatlagan.

Keltirilishicha, Janni Infantino Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi yaqinda Osiyo Kubogida g‘alaba qozongani bilan samimiy tabriklagan. U bu sohada amalga oshirilayotgan amaliy ishlar samaradorligining navbatdagi tasdig‘i ekanini ta’kidlagan.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va FIFA o‘rtasidagi yaqin va sermahsul hamkorlik yuksak darajada ekani, uning doirasida bugungi kunda mamlakatda zamonaviy futbol klasterini tashkil etish choralari ko‘rilayotgani  alohida mamnuniyat bilan qayd etilgan.

O‘zbekistonda jahon miqyosidagi sport tadbirlari va birinchiliklariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish, milliy terma jamoani tayyorlash, infratuzilmani rivojlantirish va Assotsiatsiya salohiyatini oshirishga texnik ko‘makni kengaytirish hamda iqtidorli futbolchilarni seleksiya qilish tizimini ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Janni Infantino FIFA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing