Mirziyoyev Eronning yangi Prezidenti bilan gaplashdi
Jamiyat
−
17 iyul
10127O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 17 iyul kuni Eron Islom Respublikasining yangi saylangan Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, suhbat avvalida Shavkat Mirziyoyev Mas’ud Pezeshkiyonni bo‘lib o‘tgan prezident saylovidagi g‘alabasi bilan samimiy qutlab, mas’uliyatli davlat lavozimida katta muvaffaqiyatlar tilagan.
"O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada rivojlantirish, savdo, investitsiya va transport sohalaridagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi, qo‘shma loyiha va korxonalar, aviaqatnovlar soni ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, avval erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, 5 iyul kuni Eronda prezidentlik saylovining ikkinchi turi bo‘lib o‘tgan va unda reformator Mas’ud Pezeshkiyon va konservator Said Jaliliy bellashgandi. 6 iyul kuni e’lon qilingan natijalarga ko‘ra, Pezeshkiyon 53,6 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Jaliliy esa 44,3 foiz ovoz oldi. Shavkat Mirziyoyev Mas’ud Pezeshkiyonni tabriklab, maktub yo‘lladi va unda ikki davlat o‘rtasida ko‘p qirrali va uzoq muddatli sheriklik barcha ustuvor yo‘nalishlarda yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.
LiveBarchasi