Mirziyoyev Eronga qilingan hujumlarni qoraladi

Jamiyat

image

O‘tgan oyda Eron Islom Respublikasiga nisbatan olib borilgan harbiy harakatlar butun mintaqani urush girdobiga tortish, keng miqyosdagi ekologik halokat o‘chog‘ining vujudga kelish xavfini tug‘dirdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 iyul kuni Ozarbayjonning Xonkendi shahrida bo‘lib o‘tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida so‘z ochdi.

“Bugungi sammitimiz butun dunyo hamjamiyati keskin inqirozni boshidan kechirayotgan murakkab bir sharoitda bo‘lib o‘tmoqda.

Ayniqsa, aksariyat ziddiyat va nizolar aynan bizning Tashkilotimiz makonida sodir bo‘layotgani fikrimizning yaqqol isbotidir. So‘nggi oylarda Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqda yuz bergan voqealar barchamizni chuqur tashvishga solmoqda”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Uning aytishicha, xalqaro huquq va global xavfsizlik institutlarining tanazzuli muloqot va hamkorlikni yanada zaiflashtirib, kuch ishlatish va zo‘ravonlikka keng yo‘l ochmoqda. Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti a’zosi bo‘lgan Eron Islom Respublikasiga nisbatan olib borilgan harbiy harakatlar butun mintaqani urush girdobiga tortish, keng miqyosdagi ekologik halokat o‘chog‘ining vujudga kelish xavfini tug‘dirganini ham ta’kidladi.

“Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu qarorni mintaqadagi keskinlikni yumshatish, xavfsizlikni tiklash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholaymiz.

Bu kelishuv barcha muammolarni diplomatik va konstruktiv muzokaralar yo‘li bilan hal etish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonamiz”, dedi Prezident.

Shuningdek, Mirziyoyev ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik va ularni ishlatishdan tiyilish xalqaro xavfsizlikning eng dolzarb masalasi ekanini inobatga olib, dunyo hamjamiyatini yana bir bor yadro qurolidan xoli hududlar geografiyasini kengaytirishga chaqirdi.

“Ta’kidlash joizki, Falastin-Isroil ziddiyatini adolatli hal etmasdan turib, Yaqin Sharqdagi tinchlik va barqarorlikka erishish mumkin emas.

Biz G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatish, ochlik va g‘ayriinsoniy sharoitdan azob chekayotgan aholiga gumanitar yordam ko‘rsatishga hech qanday to‘siq qo‘ymaslik, Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga muvofiq mustaqil Falastin davlatini tashkil etish tarafdorimiz”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyat 

Urush 13 iyundan 24 iyungacha davom etdi. Avvaliga Isroil Eron hududiga zarba berdi, bunga javoban Eron ham Isroilni nishonga oldi. 22 iyunga o‘tar kechasi AQSH mojaroga aralashdi va Erondagi yadro ob’ektlarini bombaladi. Keyingi kuni Eron Qatardagi AQSH harbiy bazasiga zarba berdi.

Ushbu urushdan oldin AQSH va Eron yangi yadroviy bitim yuzasidan muzokaralar olib borayotgan edi. Isroil esa Tehronning yadroviy qurolga yaqinlashgani bois operatsiyani boshlaganini bildirgan. Vashington ham shunday fikrni bayon qilgan. Eron esa yadro qurolini yaratmoqchi emasligini, biroq tinch atom dasturiga haqli ekanini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Eron Ozarbayjon Isroil Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing