Mirziyoyev Erkin Tuniyaz bilan “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temiryo‘li loyihasini muhokama qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 mart kuni Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zbekiston va Xitoyning ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish, shu jumladan O‘zbekiston hududlari va SHUAR o‘rtasidagi amaliy aloqalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bilan tovar ayirboshlashi oshmoqda – bugungi kunda mamlakatlar o‘zaro savdosining qariyb 10 foizi shu hududga to‘g‘ri keladi.

SHUARning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikdagi investitsiya loyihalari portfeli 3,5 milliard dollarni tashkil etib, bugungi kunda “yashil” energetika va elektrotexnika, qurilish tarmog‘i va yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarish, metallurgiya, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Madaniy almashinuvlar dasturi faol amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbari SHUAR bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni jadallashtirish muhimligini ta’kidlagan.

Innovatsion texnologiyalar, qishloq va suv xo‘jaligi, transport va logistika, bank-moliya sohasi, ta’lim, an’anaviy tibbiyot kabi bir qator ustuvor yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tilgan.

O‘zbekiston har yili Urumchi shahrida o‘tkazib kelinayotgan “Ekspo Xitoy-Yevroosiyo” bosh ko‘rgazmasida faol ishtirok etishi qayd etildi. Uchrashuvda gumanitar va turizm aloqalarini rivojlantirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.

“O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temiryo‘lini qurish loyihasini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan ham uchrashgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing