Mirziyoyev Erdo‘g‘anga elektromobil uchun rahmat aytdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 12 aprel kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan o‘tkazgan telefon orqali muloqotda Togg brendi ostida ishlab chiqarilgan birinchi turk elektromobili sovg‘a qilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari qardosh Turkiya Prezidenti va xalqini katta texnologik g‘alaba – mamlakatda zamonaviy elektromobillarni sanoat usulida ishlab chiqarish boshlangani bilan tabriklagan.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Turkiya keng ko‘lamli strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarining bugungi darajasiga yuksak baho berilgan.

O‘zbekiston va Turkiya yetakchi kompaniyalarining yuqori texnologik tarmoqlardagi sanoat kooperatsiyasi miqyosini yanada kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlar qayd etilgan.

Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan ikki tomonlama Oliy darajadagi Strategik sheriklik kengashi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratilgan.

Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.

Keltirilishicha, telefon muloqoti yakunida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha bo‘lajak referendumni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan va uning muvaffaqiyatli o‘tishini tilagan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Rajab Toyib Erdo'g'an elektromobil'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing