Mirziyoyev Dushanbedagi sammitda oltita taklifni ilgari surdi
Olam
−
14 Sentabr 2023
9934Bugun, 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi va oltita taklifni ilgari surdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Bugungi kunda bizning barcha mamlakatlarimiz dunyoda kuzatilayotgan geosiyosiy raqobat va ziddiyatlarning oqibatlarini to‘liq his etmoqda... Shu munosabat bilan hamkorligimiz istiqbollari bo‘yicha qator takliflarni bildirmoqchiman”, deydi O‘zbekiston rahbari.
Mirziyoyevning birinchi taklifi savdo-iqtisodiy hamkorlikka bag‘ishlanadi. Uning aytishicha, bu mintaqaviy sheriklik va integratsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.
“Biz ushbu yo‘nalishda mintaqa mamlakatlari bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun O‘zbekistonda barcha zarur shart-sharoitlarni yaratmoqdamiz. Tovar aylanmasi hajmini oshirish maqsadida istisno va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo zonalarini tezroq shakllantirish lozim, deb hisoblaymiz”, deydi Prezident.
Shu munosabat bilan, Mirziyoyev mintaqada barqaror savdo-logistika zanjirlarini shakllantirish, chegaraoldi hududlarida savdo va kooperatsiya markazlarini ochish va kengaytirish, o‘zaro savdo bo‘yicha qonunchilikni uyg‘unlashtirish va bu boradagi to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona ma’murchiligi, sanitar va fitosanitar nazorati, tovarlarning qayerdan olib kelinayotganini sertifikatlash bo‘yicha yagona elektron platformalar yaratish, mintaqaviy elektron savdo maydonini ishga tushirishni ko‘zda tutadigan kompleks mintaqaviy dasturni qabul qilishni taklif etgan.
“Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun tashqi savdo faoliyati bo‘yicha mas’ul bo‘lgan vazirlarning doimiy uchrashuvini o‘tkazish mexanizmini ishga tushirishni taklif qilamiz”, degan Prezident.
Ikkinchi taklif esa sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish haqidadir. Mirziyoyev bu sohada muvaffaqiyatli sheriklik bo‘yicha tajriba borligiga urg‘u bergan.
“Bu – yengil avtomobillar, maishiy texnika, to‘qimachilik mahsulotlari va oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va shuningdek, Ozarbayjon bilan chegaraoldi hududlari kooperatsiyasidir”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston Prezidenti birgalikdagi sa’y-harakatlar tizimli tus olishi uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining uzoq istiqbolga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishni taklif etgan.
Uchinchi taklif esa transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikka bag‘ishlanadi.
Aytilishicha, asosiy tashqi bozorlardan jug‘rofiy jihatdan uzoqligini hisobga olganda, mintaqa mamlakatlarida yuklarni tashish uchun ketadigan xarajatlar ulushi tovarlarning so‘nggi qiymatiga nisbatan 50 foizgacha yetmoqda. Ayni vaqtda dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich 11 foizdan oshmaydi. Natijada mamlakatlar iqtisodiyoti rivojlangan davlatlardagidan ko‘ra 2-3 marta ko‘p transport xarajatini ko‘tarishga majbur bo‘lmoqda.
“Mamlakatlarning transport sohasidagi salohiyatini yanada oshirish maqsadida tarmoq vazirlari uchrashuvlari doirasida Markaziy Osiyoda Transport va tranzit haqidagi bitimni ishlab chiqish, biznes uchun qulay bo‘lgan oraliq tariflarni qo‘llagan holda, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun samarali transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni shakllantirish, Transport xizmatlari bozorini liberallashtirish va ruxsat etishga doir tartib-taomillarni optimallashtirish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash, Xalqaro tashuvlarning integratsiyalashgan raqamli platformasini yaratish imkoniyatlari mavjud, deb hisoblaymiz”, degan Prezident.
Shuningdek, Mirziyoyev birgalikdagi faoliyatga ozarbayjonlik sheriklarini faol jalb etishni taklif qilgan.
To‘rtinchi taklifda O‘zbekiston yetakchisi Energetika sohasida xavfsizlikni ta’minlashga e’tibor qaratgan.
Ma’lumki, mintaqada energetika infratuzilmalarini rivojlantirish sur’atlari sanoatlashtirish va urbanizatsiya jarayonlari, shuningdek, demografik o‘sishdan orqada qolmoqda. Bugungi kunda bu mamlakatlarning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi yo‘lidagi jiddiy tahdiddir.
Mirziyoyev bunday sharoitda tarmoq vazirliklari va milliy kompaniyalarimizning geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli konlarni o‘zlashtirish, energiya resurslarini saqlash va yetkazib berish bo‘yicha mavjud infratuzilmalarni kengaytirish va zamonaviy infratuzilmalarni yaratish sohasidagi hamkorligini yanada kuchaytirish tarafdori ekanini bildirgan.
Bundan tashqari, u elektr energiyasini yetkazib berish uchun yangi magistral tarmoqlarni barpo etish hamkorlikning muhim yo‘nalishiga aylanishi lozimligini qayd etgan.
“Bizning mintaqamiz, shuningdek, gidroenergetika sohasini rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega. Biz Tojikistonda Zarafshon daryosida GES qurish loyihasini birgalikda ishlab chiqmoqdamiz, Qirg‘izistonda Qambarota GES-1 loyihasini amalga oshirish masalasini faol hal etmoqdamiz”, degan Prezident.
Shu bilan birga, Mirziyoyev energiya manbalarini diversifikatsiya qilmasdan, muqobil energetika sohasiga investitsiya va texnologiyalarni jalb etmasdan va “yashil” vodorodni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymasdan turib, mintaqani barqaror rivojlantirish mumkin emas, deb hisoblashini ta’kidlagan.
Beshinchi taklif esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga bag‘ishlangan.
“Biz yaqinda Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti shafeligida dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlaridan kelgan vazir va ekspertlar ishtirokida xalqaro konferensiya o‘tkazdik. Bo‘lib o‘tgan bahs-munozaralar davomida bizning mintaqamizdagi zaif nuqtalar yana bir bor qayd etib o‘tildi”, deya eslatgan Mirziyoyev.
Prezident mazkur nuqtalar agrar sektorning ilmiy-texnologik jihatdan yetarlicha rivojlanmagani, suv resurslari borasidagi o‘tkir taqchillik, qo‘shimcha qiymat yaratishning uzoq va samarasiz zanjirlari, iqlim inqirozi va logistikadagi uzilishlar oldidagi beqarorlik, sog‘lom ovqatlanish masalalari ekanini qayd etgan.
“Bu sohada sa’y-harakatlarni birlashtirish va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ko‘magida mintaqaviy Sheriklik dasturini tayyorlash muhim, deb hisoblaymiz. Ta’kidlab aytmoqchimanki, bizning mamlakatlarimiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan nafaqat mintaqaning ichki bozoridagi mavjud ehtiyojlarni to‘liq qoplash, balki ularni eksport qilishdek muhim imkoniyatga ham egadir”, degan O‘zbekiston rahbari.
Iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashish mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashning eng muhim omiliga aylanayotgani Prezidentning oltinchi taklifida qayd etildi.
“Kelgusi yil bahor faslida Samarqandda Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazmoqchimiz. Mintaqa mamlakatlari delegatsiyalarini ushbu anjuman ishida faol ishtirok etish uchun taklif qilaman”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Uning aytishicha, forum yakunlari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” deb nomlangan rezolyutsiyasi loyihasi tayyorlanadi.
“Shuningdek, Iqlim o‘zgarishlariga moslashish masalalari bo‘yicha mintaqaviy strategiyani qabul qilish ham iqlim barqarorligini va “yashil” taraqqiyotni ta’minlashga qo‘shilgan amaliy hissa bo‘lishi mumkin. Mintaqaning iqlimga oid yagona kun tartibini shakllantirish va birgalikda ta’sirchan chora-tadbirlarni qabul qilish uchun biz ekologiya vazirlari darajasida “Iqlim bo‘yicha Markaziy Osiyo muloqoti” ko‘p tomonlama platformasini ta’sis etishni taklif qilamiz”, deydi Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, Dushanbeda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon raisligida o‘tgan sammitda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMT Bosh kotibining maxsus vakili – Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashgan.
LiveBarchasi