Mirziyoyev dengizga chiqolmaydigan davlatlar dardini gapirdi
Jamiyat
−
09 noyabr 2023
10695O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 9 noyabr kuni bo‘lib o‘tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) 16-sammitida dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa olmaydigan davlatlarning muammolarini ko‘tardi.
Mirziyoyev sammitda bildirgan yetti taklifdan biri – o‘zaro transport-kommunikatsiya bog‘liqligini kuchaytirish.
“A’zo davlatlarning aksariyati dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega emas. Shu bilan birga, Osiyo-Tinch okeani, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mintaqalarining yirik bozorlari bilan bog‘laydigan va bizning hududlarimiz orqali o‘tadigan transkontinental transport yo‘laklari salohiyatidan to‘liq foydalanishimiz zarur”, deydi Prezident.
U so‘zida davom etib, kelgusida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” va Transafg‘on multimodal yo‘llarining ishga tushirilishi barcha a’zo davlatlar manfaatlariga mos kelishini bildirdi.
Shuningdek, Toshkentda joriy yilning 2 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Transport vazirlarining yig‘ilishida “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan hujjatga boshqa a’zolarni ham qo‘shilishga, o‘zaro tarif va yig‘imlarni maqbullashtirishga chaqiraman.
Davlat rahbari O‘zbekiston Ozarbayjon va Turkiya bilan yuk tashish hujjatlarini raqamlashtirgani, shuningdek, boshqa davlatlar bilan bunday loyihalar amalga oshirilayotganini eslatib, bu kabi zamonaviy tizimlarni keng joriy qilish hamda samarali muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida Tashkilotning Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish tashabbusini bildirdi.
LiveBarchasi