Mirziyoyev Butunxitoy qo‘mitasi Raisi Chjao Letszi bilan uchrashdi
Jamiyat
−
24 yanvar
2602Bugun, 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifi doirasida Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi Raisi Chjao Letszi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani, keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki barobar, qo‘shma korxonalar soni uch barobar oshgani qayd etilgan.
“Hududlararo kooperatsiya kengaydi, 22 yanvar kuni Urumchi shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi O‘zbekiston-Xitoy hududlar forumining samarali natijalari bundan dalolat bermoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish borasidagi tajribasi faol joriy qilinmoqda. Uchrashuvda O‘zbekiston texnik yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash markazlarini tashkil etish, Xitoyning ijtimoiy himoya va sug‘urta, aholiga manzilli yordam ko‘rsatish borasidagi tajribasini o‘rganishdan manfaatdor ekani ta’kidlangan.
“Parlamentlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish va “O‘zbekiston-Xitoy” do‘stlik guruhlarini faollashtirish zarurligi qayd etildi. Oliy darajadagi kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashilgan. O‘tgan yili O‘zbekistonda Xitoy madaniyati kunlari o‘tkazilgani, ayni paytda Pekinda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tayotgani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan Xitoy Xalq Respublikasiga yetib borgandi. Uni "Shoudu" xalqaro aeroportida XXR Madaniyat va turizm vaziri Sun Yeli va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Bugun, 24 yanvar kuni esa Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifini XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuvdan boshladi.
LiveBarchasi