Mirziyoyev Bo‘stondagi yangi to‘qimachilik korxonasi bilan tanishdi
Jamiyat
−
01 fevral 2023
6552Avval xabar berganimizdek, bugun, 1 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijonga bordi. Davlat rahbarining tashrifi Bo‘ston tumanidan boshlandi. Prezident tumanda yangi ishga tushirilgan to‘qimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Korxona uchun umumiy qiymati 113 milliard so‘mlik loyiha doirasida bino barpo etilib, Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Bu yerda erkaklar, ayollar va bolalar uchun 50 turdan ortiq, yiliga 1 million 200 ming dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Mingga yaqin mahalliy aholi ish bilan ta’minlandi.
Korxona mahsulotlarining asosiy qismi eksportga yo‘naltirilgan. Yillik eksport hajmi 4 million dollar bo‘lishi mo‘ljallangan.
“Bu korxonaga zamin yaratayotganimizda bugungiday bo‘lib ketishiga ko‘pchilik ishonmagandi. Bo‘ston iqtisodiy jihatdan orqada qolgan tumanlardan edi. Mana shunday korxonalar ochilib, odamlarimiz daromad topayotgani quvonarli. Buni davom ettirib, ish o‘rinlarini ko‘paytirishimiz kerak”, dedi davlat rahbari.
Shu yerning o‘zida kasb-hunarga qayta tayyorlash o‘quv markazi tashkil etilgan. Unda hududdagi ishsiz fuqarolar hunar o‘rganib, o‘z yo‘lini topmoqda. Jumladan, yaqinda 200 nafar ehtiyojmand xotin-qiz kasbga o‘qitilib, ishga olindi.
Ma’lum qilinishicha, Prezident ular bilan suhbatda ayolning bilimli, hunarli bo‘lishi oilaning katta yutug‘i ekanini ta’kidlagan.
LiveBarchasi