Mirziyoyev Buxoro viloyati rahbariyatining faoliyati juda sust ekanini aytdi

Jamiyat

image

Buxoro viloyati salohiyatini to‘liq ishga solish bo‘yicha viloyat rahbariyati, 13 ta tuman va shahar hokimlarining hozirgi faoliyati juda sust. Bu haqda bugun, 1 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Aytilishicha, Buxoroning 4,2 million gektar yeri bo‘lsa, 6 foiziga ekin ekiladi. Yana 3,2 million gektar yer – ishlatilmasdan turgan katta imkoniyat. Viloyatdagi 60 ming tonna ip-kalavaning 57 foizi matoga aylanmoqda, qolgani xomashyo shaklida  arzon sotilmoqda, matoning 24 foizi tayyor mahsulotga aylanyapti. Viloyatda 1 million 200 ming tonna meva-sabzavot yetishtirilsa-da, eksporti 15 million dollardan kam.

Yig‘ilishda aholi daromadlarini oshirish va tadbirkorlikka ko‘maklashish masalalari ko‘rib chiqildi. Viloyatda bu oy 21,5 ming bitiruvchi mehnat bozoriga kirib keladi. Ularni va ishsiz, kam daromadli aholini ish va daromad manbalari bilan ta’minlash strategik vazifa ekani ta’kidlandi.

Yangi tayinlangan viloyat rahbarlari tadbirkorga yordam berib, Buxoroni kambag‘allik, ishsizlik va jinoyatdan xoli hududga aylantirish shartligi haqida ogohlantirildi. 

Buxoroda kichik biznesga bu yili 5,9 trillion so‘mga qo‘shimcha yana 2,1 trillion so‘m kredit ajratilishi e’lon qilindi. Turizm va servis uchun yana 100 million dollar alohida ajratiladi.

Ta’kidlanishicha, Buxoroda odamlarni ishli qiladigan katta imkoniyat – sanoat zonalari. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida Kogon tumanida 1 ming gektarda yirik sanoat majmuasi barpo qilinmoqda. Birinchi bosqichda 300 million dollarlik loyiha amalga oshiriladi. Bu  viloyat iqtisodiyotiga yiliga 250 million dollar qo‘shilgan qiymat, 2 mingta ish o‘rni, 250 milliard so‘m soliq tushumi va 100 million dollar eksport beradi. Yangi majmua tajribasini, jalb qilingan mutaxassislar bilimini boshqa sanoat zonalariga tatbiq qilish kerakligi aytildi. Mutasaddilarga sanoat zonalari bo‘yicha imtiyoz va sharoitlari jozibador bo‘lgan yangi qonunlar paketini kiritish topshirildi.

Shu bilan birga, davlat rahbari Buxoroda ham so‘nggi yillarda katta o‘zgarishlar bo‘lganini qayd etdi. Jumladan, viloyat iqtisodiyoti 1,5 barobar o‘sib, 53 trillion so‘mdan oshdi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatishda 115 trillion so‘m investitsiya jalb qilindi, 4,6 mingta korxona ishga tushib, 90 mingta ish o‘rni yaratildi. Eksport 215 million dollarga yetdi, Qorako‘l, Jondor, Shofirkon va Kogon tumanlarining har birida sanoat hajmi yiliga 1 trillion so‘mdan oshdi.

Shuningdek, viloyatda elektrotexnika, zargarlik, qurilish materiallari, konchilik, yo‘l qurilishi, mehmonxona sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalarni tezlashtirish, investorlarga har tomonlama ko‘maklashish zarurligi qayd etildi.

Buxoro tumanida qurilishi boshlangan neft-kimyo klasteri ishga tushirilsa:

  • import bo‘layotgan benzol, olefin, aromatik uglevodorod, naftadan pentan va geksan eritgichlari ishlab chiqariladi;
  • viloyat sanoatiga 4,5 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat va 600 ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi;
  • eksport 130 million dollarga oshib,  yiliga 300 milliard so‘m soliq tushumi paydo bo‘ladi.

Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Buxoro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing