Mirziyoyev bokschilarga chempionlik kamarlarini topshirdi (fotoreportaj)
Sport
−
13 may 2023
15040Bugun, 13 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Humo Arena” sport saroyiga borib, boks bo‘yicha Jahon chempionatini tomosha qildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi.
Mazkur nufuzli musobaqada 107 ta mamlakatdan 600 dan ortiq bokschilar ishtirok etgan bo‘lib, O‘zbekiston milliy terma jamoasi musobaqaning barcha 13 vazn toifasida qatnashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston bokschilari ishtirokidagi final janglarini arenadan turib kuzatib bordi.
Qizg‘in va murosasiz o‘tgan bahslarda Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev qozog‘istonlik Dulat Bekbauovni, Hasanboy Do‘smatov fransiyalik Bilal Bennamani, Bahodir Jalolov kubalik Alexandro Arzolani yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblarga medallar va chempionlik kamarlarini esa Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirgan. Shuningdek, ularga Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan ajratilgan mukofot pullari beriladi.
Ma’lumot uchun, musobaqaning so‘nggi kunida yana to‘rt nafar o‘zbekistonlik bokschi ringga chiqadi. Jahon chempionati esa ertaga, 14 may kuni yakunlanadi.
LiveBarchasi