Mirziyoyev BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi
Jamiyat
−
01 iyul
3546Bugun, 1 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatda global va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish holati muhokama qilindi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar yuzasidan ham fikr almashildi. Davlat rahbari Bosh kotibning xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, BMT va uning asosiy organlarini isloh qilish hamda 2024 yilda Nyu-York shahrida Kelajak sammitini o‘tkazish tashabbuslarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Mintaqada transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, oziq-ovqat, energetika va axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat muhokama qilinib, afg‘on xalqiga gumanitar yordamni kengaytirish, jahon hamjamiyatining bu mamlakatga nisbatan umumiy strategiyasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida 2026-2030 yillarda O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha BMT bilan hamkorlikning hadli dasturini birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun, BMT bilan 140 ta qo‘shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. 2025 yilda Samarqandda UNESCO'ning 43-bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Bosh kotibi O‘zbekistonga kelgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Guterrish Yuqori Chirchiq tumanidagi quyosh fotoelektr stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.
LiveBarchasi