Mirziyoyev Bishkekka jo‘nab ketdi
Jamiyat
−
13 Oktabr 2023
4112Bugun, 13 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Bishkek shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Sammit tadbirlari davomida MDH doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Davlat rahbarlari xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashadi.
Yig‘ilish yakunida Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga doir qator bitim va qarorlarni qabul qilish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rasmiy tashrif bilan Qirg‘izistonga kelgandi. U bugun bo‘lib o‘tadigan MDH sammitida ishtirok etib, u yerda mavqedoshlari, jumladan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashishini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi