Mirziyoyev bir qator xorijiy elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 12 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev favqulodda va muxtor elchilar – Falastin davlatidan Javad Avvad, Yaponiyadan Xatori Takashi, Qatar davlatidan Hasan Hamza Hoshim, Slovakiya Respublikasidan Viktor Boretski va Pokiston Islom Respublikasidan Ahmad Farukning ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari mamlakatga yangi tayinlangan diplomatik missiyalar rahbarlarini samimiy qutlab, O‘zbekistondagi faoliyatini boshlagani bilan tabriklagan.

Prezident o‘z nutqida ochiq va pragmatik tashqi siyosatni amalga oshirayotgan Yangi O‘zbekiston xalqaro maydonda yangi marralarga erishayotgani, do‘stlar va ishonchli hamkorlar safini kengaytirayotganini ta’kidlagan. 

Qayd etilishicha, mamlakatda yangi elchixonalar ochilmoqda, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari geografiyasi ham kengaymoqda. Yaqinda Shvetsiya va Vengriyada elchixonalar ochilib, Toshkentda Qatar davlatining diplomatik missiyasi o‘z ishini boshlagan.

Mamlakatdagi yangilanishlar jarayoni to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, O‘zbekiston yetakchisi keyingi yillarda “inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida huquqiy demokratik davlatni barpo etish, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va maqsadlariga alohida to‘xtalib o‘tgan.

Bunday keng ko‘lamli o‘zgarishlar mamlakatni tubdan isloh qilishni, kompleks siyosiy, iqtisodiy va ma’muriy yangilanishlarni izchil olib borishni talab etadi. Konstitutsiyani Yangi O‘zbekiston voqeligiga mos ravishda yangilash jarayoni bu yo‘ldagi katta qadamdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev asosiy qonunning yangi tahririni tayyorlash doirasida keng jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilgani, tajribali mutaxassis va olimlar, xorijiy hamkorlar, ixtisoslashgan xalqaro institutlar va tahliliy markazlarning takliflari hisobga olinganini qayd etib o‘tgan.

O‘zbekiston yetakchisi ziddiyatlar va mojarolar keskinlashib borayotgan murakkab xalqaro vaziyat sharoitida barcha mamlakatlar bilan o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan tashqi siyosatni amalga oshirishning ahamiyati tobora ortib borayotganini alohida ta’kidlagan.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliyaviy institutlar bilan sheriklikni mustahkamlamoqda, Turkiy davlatlar tashkilotida samarali raislikni amalga oshirmoqda va joriy yilda ilk bor Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitini qabul qilmoqda. O‘ndan ziyod yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

“Xalqaro hamjamiyat uchun yanada ochiq va samimiy hamkor bo‘lishga astoydil intilamiz. Buning uchun bizda siyosiy iroda, qat’iyat, eng muhimi, imkoniyat va yetarli salohiyat bor”, deydi Prezident.

Marosim davomida davlat rahbari yangi elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev elchilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing