Mirziyoyev Berdimuhamedovni mukofotladi
Jamiyat
−
17 noyabr 5360 2 daqiqa
Bugun, 17 noyabr kuni Toshkentdagi Ko‘ksaroy qarorgohida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, ushbu qaror Turkmaniston Prezidentining ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklikni mustahkamlashdagi yutuqlariga nisbatan O‘zbekiston xalqining samimiy hurmati va e’tirofining ifodasi ekanini ta’kidladi.
“Siz otangiz, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning ishini munosib davom ettirmoqdasiz. Mamlakatingizda xalq farovonligini ta’minlash uchun ishonchli poydevor yaratayotgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda”, dedi davlat rahbari.
Qayd etilishicha, joriy yilda Turkmanistonda “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” hamda mamlakat Betarafligining 30 yilligiga bag‘ishlangan yirik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Serdar Berdimuhamedovning ko‘p qirrali O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlarini kengaytirishga qo‘shgan hissasi mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy va hamkorlik aloqalarining har tomonlama rivoj topayotganidir. Ulkan loyiha – “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi ishga tushirildi. Energetika, transport va logistika sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlanmoqda.
Mazkur mukofot mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ramziga aylanishi qayd etildi. O‘z navbatida, Turkmaniston Prezidenti O‘zbekiston yetakchisi va xalqiga yuksak e’tirof uchun minnatdorlik bildirdi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilish qat’iy ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov kecha, 16 noyabr kuni davlat tashrifi bilan Toshkentga kelgandi. U Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi. Bugun, 17 noyabr kuni Toshkentdagi Ko‘ksaroy qarorgohida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov birgalikda suratga tushgach, tor doiradagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Yetakchilarning muzokaralari kengaytirilgan tarkibda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom etdi. Prezidentlar “Shovot-Toshhovuz” qo‘shma chegaraoldi savdo zonasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.
Live
Barchasi